O‘zbekiston “Zero Waste Forum 2026” doirasida xalqaro ekologik hamkorlikni kengaytirmoqda
Istanbul shahrida o‘tkazilgan “Antaliyaga yo‘l: iqlim harakati sifatida nol chiqindi” mavzusidagi xalqaro “Zero Waste Forum 2026” forumi doirasida yuqori darajadagi vazirlar sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi delegatsiyasi ishtirok etib, mamlakatning chiqindilarni boshqarish va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi tashabbuslarini taqdim etdi.
100 dan ortiq davlat vakillari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar hamda xususiy sektor ishtirok etgan forumda chiqindilarni kamaytirish, sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalari muhokama qilindi.

Vazirlar sessiyasida O‘zbekiston vakillari “Nol chiqindi” tamoyili bugungi kunda nafaqat ekologik tashabbus, balki barqaror rivojlanish va texnologik taraqqiyotning muhim modeliga aylanayotganini ta’kidladi. Shuningdek, chiqindilar atrof-muhit ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi va bioxilma-xillikning qisqarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillardan biri ekani qayd etildi.
Tadbirda mamlakatimizda chiqindilarni boshqarish sohasini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, joriy yilda ikkita chiqindini yoqish zavodini ishga tushirish, keyingi yillarda esa yana to‘qqizta shunday ob’ektni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu esa yiliga 5,5 million tonnagacha chiqindini qayta ishlash hamda issiqxona gazlari chiqindilarini sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi.

Forum doirasida O‘zbekiston tomoni COP31 tayyorgarligi va global iqlim kun tartibi yuzasidan qator tashabbuslarni ham ilgari surdi. Ular orasida chiqindilarni oddiy utilizatsiya qilishdan resurslardan samarali foydalanish tizimiga o‘tish, sohaga raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni joriy etish kabi takliflar bor.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning Aholi punktlari bo‘yicha dasturi (UN-Habitat), Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD), BMT Texnologiyalar banki, Germaniya va Turkiya vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda barqaror urbanizatsiya, “yashil” texnologiyalar, ekologik ta’lim va chiqindilarni boshqarish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, 2027-yilda Samarqand shahrida xalqaro “World Cleanup Day” aksiyasini o‘tkazish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlashga kelishib olindi.
Uchrashuvlar yakunida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma ekologik loyihalarni amalga oshirish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. Bu esa O‘zbekistonning global ekologik tashabbuslardagi faol ishtirokini va “yashil” taraqqiyot yo‘lidagi qat’iy pozitsiyasini yana bir bor namoyon etdi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA