O‘zbekiston yoshlari: faol, tashabbuskor, zukko
Munosabat
Kuni kecha yurtimizda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazilganligi, ushbu anjuman Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish tomonidan qo‘llab-quvvattlangani mamalakatimizning xalqaro nufuzini yanada oshirdi.
Prezidentimiz anjumandagi nutqida Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar hamkorligini yanada mustahkamlash, hududda tinchlik, barqarorlikni ta’minlash, mintaqa muammolarini birgalikda hal etish, nafaqat iqtisodiy, balki ilm-fan, madaniy, umuman, barcha yo‘nalishlardagi aloqalarni kuchaytirish yuzasidan ilgari surilgan taklif, fikr va mulohazalar turli tahdidlar, global geosiyosiy o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi kunda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni kunda qariyb ikki milliard nafar aholi yashaydigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, hamkorlikni kuchaytirish ana shu mintaqadagi barcha davlatlar uchun faqat ijobiy samaralar beradi.
Davlatimiz rahbarining anjumandagi: “Ilmiy va madaniy-gumanitar almashuvlarni kengaytirish do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashning muhim shartlaridan biridir.
Shu munosabat bilan O‘zbekistonda, Termiz shahrida YUNESKO shafeligida “Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy merosi” mavzusida xalqaro forum o‘tkazishni taklif etamiz.
Mamlakatlarimiz aholisining katta qismini tashkil etadigan yoshlarni jalb etgan holda, ta’lim va ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Yoshlar – bizning bebaho boyligimiz ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz.
Mamlakatlarimiz va xalqlarimizning taqdiri va kelajagi – aynan yosh avlodning qanday ta’lim-tarbiya olishi, ular uchun qanday shart-sharoit va “sotsial lift”larni yaratib berishimizga bevosita bog‘liq.
Yoshlar masalasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlari kengashini tuzishni taklif qilaman” degan so‘zlarini eshitib, ochig‘i, nafaqat meni, balki ko‘plab O‘zbekiston yoshlarining qalbi faxr-iftixor tuyg‘usi bilan to‘ldi, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Chunki, yurtboshimiz xalqaro anjuman minbarida turib ham yoshlarga e’tibor, yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berish, ularning kuchini birlashtirish takliflarini ilgari surganligi yoshlarga bo‘lgan ishonch va e’tiborining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Ishonamanki, mamlakatimizning bugungi yoshlari ana shu e’tibor va ishonchga munosib bo‘lish, yurt ravnaqi yo‘lida fidoyi, shu bilan birga, xalqaro miqyosdagi turli masalalarni hal etishda ham albatta, faol, tashabbuskor bo‘la oladi.
Akmaljon Ermatov,
Andijon mashinasozlik instituti prorektori.
O‘zA