O‘zbekiston – Yaponiya: suv xo‘jaligi sohasida anglashuv memorandumi imzolandi
Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Yaponiyaning “Kubota Corporation” kompaniyasi Suv va ekologik infratuzilma bo‘yicha xalqaro savdo departamenti direktori Xiroomi Yoshikava boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma’lum qildi.
Unda suv resurslarini samarali boshqarish, irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, nasos stansiyalari va boshqa gidrotexnika inshootlarini rekonstruksiya qilish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, raqamli boshqaruv va monitoring tizimlarini keng qo‘llash masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ushbu yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada kengaytirish ikki mamlakat uchun muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda “Kubota Corporation” kompaniyasi o‘rtasida suv xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.

Tomonlarning qayd etishicha, mazkur hujjat suv resurslarini boshqarish, irrigatsiya tizimlarini rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, qo‘shma pilot loyihalarni ishlab chiqish hamda soha mutaxassislari malakasini oshirish yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA