O‘zbekiston-Yaponiya: investitsiya va “yashil iqtisodiyot”
Buxoro viloyati xalqaro iqtisodiy hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash yo‘lida navbatdagi muhim uchrashuvga mezbonlik qildi. Yaponiya xalqaro hamkorlik banki (JBIC) boshqaruvchisi Nobumitsu Xayasi boshchiligidagi delegatsiyaning Buxoroga tashrifi doirasida o‘tkazilgan muloqotlarda iqtisodiy taraqqiyot, “yashil iqtisodiyot”, zamonaviy texnologiyalar va investitsiyaviy hamkorlik masalalari muhokama etildi.
Viloyat hokimi Botir Zaripov bilan samimiy va do‘stona ruhda kechgan uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, hududlarda investitsiya muhitini yaxshilash, infratuzilma tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda innovatsion sohalarni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.

Ayniqsa, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, quyosh energetikasi, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor yo‘nalishlarda Yaponiya bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokamaning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi.
Suhbat chog‘ida tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni ko‘rib chiqib, yaqin kelajakda hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi. Qayd etilganidek, Yaponiyaning ilg‘or texnologiyalari va yuqori tajribasini jalb etgan holda iqtisodiy ahamiyatga ega yirik loyihalarni hayotga tatbiq etish nafaqat hudud iqtisodiyoti, balki aholi farovonligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Muzokaralarda “yashil texnologiyalar” sohasida investitsiyaviy sheriklikni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Yaponiya hukumati tomonidan 2050-yilga qadar ugleroddan energiya manbai sifatida foydalanishdan to‘liq voz kechish vazifasi belgilangani bu yo‘nalishning global miqyosda naqadar dolzarb ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shuningdek, hozirgi vaqtda amalga oshirish bosqichida bo‘lgan quyosh energetikasi, ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarning amaliy jihatlari ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida amalga oshirilayotgan loyihalar, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va hudud iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilish borasida ham fikr almashildi.
Mazkur tashrif Buxoro viloyatining xalqaro investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lida muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.