O‘zbekiston xotin-qizlari: o‘tmish va bugun
O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida “O‘zbekiston ayollari. Evrilish" mavzusidagi ko‘rgazma ish boshladi.
O‘zbekiston kinofotofono hujjatlar milliy arxivi hamkorligida tashkil etilgan ko‘rgazmada arxiv fotosuratlari va kinomateriallari orqali tomoshabin ayol kuchi, ijodkorligi va ilhomi prizmasi bilan yaqindan tanishadi. Ko‘rgazmani turli tarixiy davrlarda ayollar hayotining rang-barangligi va ularning jamiyatga ta’sirini ochib beruvchi noyob loyiha, deyish mumkin.


Ta’kidlash joiz, yigirmanchi asrdagi O‘zbekiston tarixi mamlakatimizda zamonaviy jamiyat shakllanishida o‘chmas iz qoldirgan, o‘z kuchi va fidoiyligini isbotlagan yorqin shaxslarga to‘laligi bilan muhim ahamiyatga ega. O‘tgan asrda o‘zbek ayolining rivojlanish qiyofasi bosqichma-bosqich o‘zgarib bordi va so‘nggi bir necha yil ichida tom ma’noda, mamlakatda ayollarning roli hamda mavqeyi sezilarli darajada oshdi.

O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi O‘zbekiston xotin-qizlari hayotida yangi va muhim davr bo‘lib, ularning ijtimoiy-siyosiy sohadagi nufuzini oshirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev davrida xotin-qizlarga parlament va hukumat, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlarida muhim lavozimlar berildi. Bundan tashqari, qonunchilik darajasida ayollar huquqlarini kamsitilishi va oiladagi zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha maxsus choralar belgilandi.



Ko‘rgazma ekspozitsiyasi quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
1920-1930 yillar: Yangi jamiyat qurilishi
-Ayol shifokorlar, muhandislar va o‘qituvchilar hayotiga nazar.
-O‘sha davrdagi libos va aksessuarlar
1940-1950 yillar: Ikkinchi jahon urushi va tiklanish yillari.
-Frontdagi ayollar.
-Qahramonlik lahzalari va kundalik hayot.
1960–1970 yillar: Modernizatsiya va sanoatlashtirish
-Ijtimoiy hayotning turli sohalarida ayollarning rolini oshirish.
-Moda va uslub.
1980-1990 yillar: Sovet Ittifoqining parchalanishi va mustaqil davlatlarning shakllanishi davri
-Tadbirkor ayollar: birinchi qadamlar.
-Kino, musiqa va adabiyotda ayollar obrazining evolyutsiyasi.
2000 – 2016 yillar: Mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti
-Biznes, madaniyat va siyosatdagi ayollar.
-O‘zbekistonning zamonaviy ayollari fotolarda.


Xulosa qilib aytganda, ko‘rgazma tomoshabinda O‘zbekiston ayollari bosib o‘tgan tarixiy yo‘lga yana bir bor nazar tashlashga, ularning jamiyat hayotining turli jabhalariga qo‘shgan hissasini qadrlashga, kelajak avlodni ilhomlantirishga chorlashi bilan katta taassurot qoldiradi.
Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazma joriy yilning sentabr oyi yakuniga qadar davom etadi.
“O‘zmilliybank” AJ
Matbuot xizmati