O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari izchil rivojlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respubloikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 23-25 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Qodir Jo‘rayev bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar, xitoylik sarmoyadorlarning O‘zbekistondagi faoliyati hamda tashrifdan kutilayotgan natijalar xususida suhbatlashdik.
– Ma’lumki, Markaziy Osiyo va Xitoy o‘zaro qo‘shni mintaqalar hisoblanadi. Ular o‘rtasidagi aloqalar qadimdan rivojlanib kelgan, shunday emasmi?
– Haqiqatan ham to‘g‘ri. Qadimiy qo‘lyozma manbalarga murojaat qilsak, Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida muntazam aloqalar yo‘lga qo‘yilgani haqida ko‘plab ma’lumotlarga duch kelamiz.
Masalan, Dunxuanda topilgan arxeologik ashyolar qadimdan bu yerda Farg‘ona, Samarqand, Buxoro va Toshkentdan kelgan savdogarlar yashaganini yaqqol tasdiqlaydi.
Bundan tashqari, milodga qadar II asr o‘rtalarida G‘arbiy Xan imperiyasi (eramizgacha 206 yildan – eramizning 25 yili) elchisi Chjan Syan Farg‘onaga kelgani haqida ma’lumotlar bor.
Boshqa bir misol, Sun sulolasi davrida (960-1279) Sun hukmdori Buxoro xonidan yordam so‘ragani, u esa Najmiddin Sufiy boshchiligidagi katta harbiy otryad, 7 ming ot va tuyalarni yordamga yuborgani va natijada dushman ustidan g‘alaba qozonilgani, Najmiddin Sufiy Xitoyda qolib, 97 yoshida olamdan o‘tgani haqida ma’lumotlar uchraydi.
O‘rta asrlarda Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” asari xitoy tiliga tarjima qilinib, chin xalq tabobatini rivojlantirishda keng foydalanilgan.
Temuriyzoda Shohrux boshqaruvi davrida 1419-1422 yillarda uning Pekinda elchisi faoliyat yuritgan. Muallif G‘iyosiddin Naqqoshning bu haqdagi yozuvlari hozirda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik instituti fondida saqlanmoqda.
– Zamonaviy davrda O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari qay tarzda rivojlanmoqda? Xitoy mamlakatimiz tashqi siyosatida qanday o‘rin tutadi, shu xususda ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Xitoy O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligini birinchilardan bo‘lib, 1991 yil 27 dekabrda tan olgan mamlakat hisoblanadi. Biz buni hech qachon unutmasligimiz va hamisha qadrlashimiz lozim. Diplomatik aloqalar 1992 yil 2 yanvarda o‘rnatildi. 1992 yilda ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi o‘rnatilgan bo‘lsa, 2016 yil 22 iyun hamda 2022 yil 15 sentyabrda yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklik darajalariga ko‘tarildi.
Hozirda Xitoy O‘zbekiston tashqi siyosatida muhim o‘rin tutadi. U mamlakatimizning strategik sheriklaridan biri va eng asosiy savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi.
Savdo-iqtisodiy sohada dinamik o‘sish barcha jabhalarda namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida yuqori ulushga ega bo‘lgan hamkor davlatlar orasida Xitoy yetakchi davlat sifatida e’tirof etilmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 2023 yilda salkam 14 mlrd. dollarga teng bo‘ldi (eksport – 2,5 mlrd. dollar, import – 11,3 mlrd. dollar).
– Ikki mamlakat aloqalarining rivojiga turtki berayotgan omillardan biri, bu davlat rahbarlarining oliy darajadagi tashriflari hisoblanadi. Bu borada fikringiz qanday?
– Haqiqatan ham, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning izchil rivojlanishida oliy darajadagi davlat tashriflarining ahamiyati beqiyosdir. Ushbu tashriflar o‘zaro ishonch va do‘stlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. 1992-2023 yillar mobaynida O‘zbekiston va Xitoy rahbarlarining o‘zaro o‘nlab davlat tashriflari amalga oshirildi. Birgina 2023 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev ikki marta Xitoyga tashrif buyurdi: 8-19 may kunlari Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” ilk sammitida ishtirok etgan bo‘lsa, 17-18 oktyabrda Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan “Bir kamar, bir yo‘l” 3-xalqaro forumida qatnashdi.
Ayniqsa, Sian shahrida Xitoy Xalq Respublikasi rahbari hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari ishtirokida “Markaziy Osiyo – Xitoy” birinchi sammitining o‘tkazilishi mintaqalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning yangi istiqbollarini ochib berdi, deb bemalol aytish mumkin.
Bundan tashqari, ikki mamlakat parlamenti vakillarining doimiy muloqoti va hamkorligi ham keng yo‘lga qo‘yilgan. 2017 yildan beri Oliy Majlisda Butunxitoy xalq deputatlari majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh faoliyat ko‘rsatmoqda.
– Ma’lumki, O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ko‘p jalb qilinayotgan sarmoyalar Xitoy sarmoyalari hisoblanadi. Bu hozirda qanday natija bermoqda?
– E’tirof etish lozimki, o‘tgan yillar mobaynida xitoylik sarmoyadorlar ishtirokida yurtimizda qator strategik ahamiyatga ega bo‘lgan korxona va inshootlar barpo etildi. Misol sifatida Angren – Pop temir yo‘li, Qamchiq dovonida qurilgan tunnellarni keltirish mumkin. Hozirda ham xitoylik hamkorlar bilan birga qator strategik ob’ektlar, xususan, yirik korxonalar va energetik majmualar barpo etilmoqda.
Umuman, hozirgi kunda O‘zbekistonda xitoylik sarmoyadorlar ishtirokida 2337 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. 2017-2023 yillarda o‘zlashtirilgan Xitoy investitsiyalari hajmi 14 mlrd. dollarni, jalb qilingan umumiy kreditlar hajmi esa 7 mlrd. dollardan ortiqni tashkil qildi.
– Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardan tashqari hamkorlikning yana qaysi sohalarini ajratib ko‘rsatish mumkin?
Men izchil rivojlanib borayotgan sohalardan yana biri sifatida madaniy-gumanitar aloqalarni alohida ko‘rsatgan bo‘lar edim. Bu borada ko‘plab misollarni keltirish mumkin. O‘zbekiston va Xitoy madaniyat va san’at ustalari ko‘plab nufuzli festival va anjumanlarda o‘zaro qatnashib kelmoqda.
Masalan, Toshkent va Samarqand shaharlarida Konfutsiy nomidagi xitoy tili va madaniyatini o‘rganish instituti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Xitoy tili markazi tashkil etilgan.
Xitoy Millatlar markaziy universitetida o‘zbek tili bo‘yicha bo‘linma, Shanxay xorijiy tillar universitetida “O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Hozirda O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida 2 mingdan ziyod talaba xitoy tilini o‘rganmoqda. 5 ta oliygohda esa xitoy tili birinchi yoki ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitilmoqda.
– Ikki mamlakat munosabatlarini tartibga soluvchi huquqiy hujjatlar to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
– Mamlakatlarimiz aloqalarining rivoji uchun mustahkam huquqiy asos yaratilgan, deb bemalol ta’kidlash mumkin.
Yuqorida aytganimdek, 2022 yildan boshlab, aloqalar yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Hozirga qadar ikki mamlakat hamkorligining huquqiy asosini 285 ta, jumladan, 100 dan ortiq davlatlararo va boshqa hukumatlararo hujjatlar tashkil etadi.
Bundan tashqari, 2021 yil 1 martdan XXR fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan boshlab 10 kun muddatga vizasiz tartib o‘rnatildi. Agar Xitoyda 1,5 mlrd.ga yaqin aholi istiqomat qilishini hisobga olsak, bu kelgusida mamlakatimizga keluvchi xitoylik sayyohlar oqimini yuksaltirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
– Davlatimiz rahbarining Xitoyga tashrifidan qanday natijalar kutilmoqda?
– Joriy yilning 23-25 yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga amalga oshiradigan davlat tashrifi o‘zaro aloqalarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda, shubhasiz, muhim ahamiyatga egadir.
Hozirda tashrifga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Tashrif arafasida qator anjumanlar, xususan, tadbirkorlar ishtirokidagi biznes-forum hamda ikki davlat nufuzli oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirokidagi ta’lim forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishga katta hissa qo‘shadi.
Tashrif kunlari, shuningdek, Pekinda O‘zbekistonning Xitoydagi madaniyat kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning doirasida qator madaniy tadbirlar tashkil etiladi.
Xulosa sifatida ta’kidlash joizki, mamlakatimiz rahbarining Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunida qator sohalarda o‘nlab huquqiy hujjatlarning imzolanishi kutilmoqda.
Ushbu hujjatlar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga, pirovardida esa, o‘zbek va xitoy xalqlarining farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova
suhbatlashdi.