O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Trans-Kaspiy yo‘lagi bo‘yicha hamkorlikni kengaytiradi
Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport aloqalarini rivojlantirishda Trans-Kaspiy yo‘lagi muhim yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. O‘zbekistonning ushbu transport tizimidagi ishtirokini kengaytirish, infratuzilmani takomillashtirish va yangi investitsiyalarni jalb etish masalalari 30-sentabr kuni Toshkentda o‘tkaziladigan 2-Milliy Trans-Kaspiy transport yo‘lagi konferensiyasida muhokama qilinadi.
Tadbirda davlat tashkilotlari, xalqaro moliya institutlari, taraqqiyot hamkorlari hamda transport va logistika sohasidagi xususiy sektor vakillari ishtirok etadi.
Konferensiya doirasida yo‘lakni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni amaliy investitsiya loyihalari va islohotlarga aylantirish, shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi transport aloqalarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqiladi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Yevropa Komissiyasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Bosh direksiyasi hamkorligida tashkil etiladi. Asosiy e’tibor transport yo‘lagidagi mavjud imkoniyatlarni aniq loyihalarga aylantirish, investitsiyalarni jalb qilish va sohadagi islohotlarni muvofiqlashtirishga qaratiladi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi axborot xizmati rahbari Malika Musayevaning ma’lum qilishicha, konferensiya doirasida O‘zbekistonning Trans-Kaspiy yo‘nalishidagi ishtiroki va uning Markaziy Osiyo davlatlarini Yevropa bilan bog‘lashdagi ahamiyatiga alohida e’tibor beriladi. Temir yo‘l va avtomobil yo‘llari infratuzilmasini yaxshilash, logistika xizmatlarini rivojlantirish, transport jarayonlarini raqamlashtirish kabi masalalar ham kun tartibidan o‘rin oladi.
– Xalqaro tashuvlarda hujjatlarni elektron shaklga o‘tkazish, chegaradan o‘tish jarayonlarini soddalashtirish, shuningdek, xususiy kompaniyalarni transport infratuzilmasi va logistika loyihalariga kengroq jalb etish masalalari ham muhokama qilinadi. Trans-Kaspiy transport yo‘lagi Muvofiqlashtirish platformasi Yevropa Ittifoqining “Global Gateway” strategiyasi doirasida amalga oshiriladi. Unda Markaziy Osiyoning besh davlati bilan birga Yevropa Ittifoqi, xalqaro moliya institutlari va boshqa hamkorlar ishtirok etadi. O‘ylaymanki, ushbu muloqot barcha tomonlar uchun yangi hamkorlik imkoniyatlarini ochib beradi, – dedi M.Musayeva.
Toshkentdagi ushbu tadbir Trans-Kaspiy yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha avvalgi muloqotlarning davomi hisoblanadi. Xususan, 2024-yil sentabrda mazkur yo‘lakni muvofiqlashtirish platformasining birinchi milliy seminari, 2025-yil noyabrda esa Investorlar forumi o‘tkazilgan edi.
Konferensiya yakunlari asosida yo‘lak infratuzilmasini rivojlantirish, uning samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan keyingi chora-tadbirlar belgilab olinadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA