O‘zbekiston va Xitoy: zamonaviy zaryadlash infratuzilmasi rivojlantiriladi
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov va “China Southern Power Grid” kompaniyasi rahbari Van Si o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston - Hong Kong iqtisodiy forumi doirasida tashkil etilgan muloqotda mamlakatimizda zamonaviy elektromobillar uchun zaryadlash infratuzilmasini ishlab chiqarish va joriy etish, shu yo‘nalishda texnologik hamkorlikni kengaytirish hamda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xitoyning “China Southern Power Grid” kompaniyasi energetika va elektr tarmoqlari sohasidagi dunyodagi yirik operatorlardan biri hisoblanadi. U 270 milliondan ortiq iste’molchiga xizmat ko‘rsatib, “aqlli” energetika tizimlari, elektr tarmoqlarini raqamlashtirish hamda elektromobillar uchun zaryadlash infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishida keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Shu bilan birga, jahonda elektromobillar soni ortib borayotgani sababli zamonaviy zaryadlash infratuzilmasiga bo‘lgan ehtiyoj ham kuchaymoqda. Bu borada O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi texnologik hamkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA