O‘zbekiston va Turkiya yoshlar startaplarini birgalikda rivojlantiradi
Bugungi kunda dunyoda texnologiya va ta’lim eng tez rivojlanayotgan, har qanday mamlakatning kelajagini belgilab beruvchi asosiy kuchga aylandi. Hozirgi shiddatli davrda o‘zbekistonlik yoshlar uchun xalqaro maydonda yangi imkoniyatlar eshigi ochilmoqda.
Xususan, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev va Turkiya texnologiya jamoasi jamg‘armasi (T3 Foundation) rahbari Elvan Kuzuchu o‘rtasidagi uchrashuv aynan shu maqsadga — iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va startap ekotizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratildi.
Muloqot davomida yoshlarni robototexnika, zamonaviy texnologiyalar va muhandislik yo‘nalishlarida o‘qitish, shuningdek, Turkiya tajribasi asosida Toshkent shahrida tashkil etilayotgan “Bilim Toshkent” ta’lim va texnologiyalar markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, hamkorlikda o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va yosh mutaxassislarni tayyorlash, 2027-yilda Yoshlar ishlari agentligining “Startup Fest” festivalini hamkorlikda tashkil etish, Turkiyaning “TEKNOFEST” festivalida O‘zbekiston vakillari va yoshlar jamoalari ishtirokini kengaytirish va mamlakatimizda “Take Off” xalqaro startap tanlovini o‘tkazish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishib olindi.

Yoshlar ishlari agentligi va Turkiyaning "T3 Foundation" jamg‘armasi o‘rtasidagi ushbu hamkorlik o‘zbek yoshlari uchun global texnologik maydonga chiqish chiptasidir. Mazkur muloqot davomida belgilab olingan istiqbolli rejalar yaqin kelajakda mamlakatimizda yuqori texnologiyalar, innovatsion ta’lim va startap ekotizimini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA