O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkiloti: Strategik sheriklikning yangi bosqichi va iqtisodiy yuksalish sari
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan so‘nggi to‘qqiz yil davomida O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorligi yuzasidan o‘tkazilgan tahlil natijalari e’lon qilindi. Ushbu tadqiqot qardosh davlatlar o‘rtasidagi aloqalar yangi sifat bosqichiga ko‘tarilganini va iqtisodiy kooperatsiya jadal sur’atlarda rivojlanayotganini ko‘rsatmoqda.
Bugungi kunda TDT mamlakatlari ulkan iqtisodiy salohiyatga ega markaz hisoblanadi. Xususan, 2025-yil yakunlariga ko‘ra, tashkilotga a’zo davlatlarning umumiy nominal yalpi ichki mahsuloti qariyb 2,3 trillion dollarni (jahon iqtisodiyotining 2 foizi) tashkil etgan bo‘lsa, xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha bu ko‘rsatkich 6,2 trillion dollarga (jahonning 3,4 foizi) yetdi. Shuningdek, a’zo mamlakatlarning jami tashqi savdo aylanmasi 1,2 trillion dollardan oshdi.
Tashkilotga a’zo mamlakatlar nafaqat boy tabiiy resurslari, balki yuqori rivojlangan qayta ishlash sanoati bilan ham ajralib turadi. Vengriya va Turkiyada mashinasozlik tarmog‘i yuqori texnologik darajaga ko‘tarilgan bo‘lsa, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda to‘qimachilik, elektrotexnika, kimyo sanoati va mashinasozlik jadal rivojlanmoqda. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida meva-sabzavot, don, go‘sht va sut mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha ham mazkur mintaqa dunyoda muhim o‘rin tutadi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-2025-yillar oralig‘ida O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan tovar aylanmasi 2,7 baravarga oshib, 4 milliard dollardan 10,8 milliard dollarga yetdi. Bu davrda eksport hajmi 1,8 baravar (3,8 mlrd dollargacha), import esa 3,8 baravar (7 mlrd dollargacha) o‘sishi kuzatildi. Savdo aloqalarining mamlakatlar kesimidagi taqsimoti quyidagicha:
Qozog‘iston: 46% (5 mlrd dollar);
Turkiya: 28% (3 mlrd dollar);
Turkmaniston: 11,1% (1,2 mlrd dollar);
Qirg‘iziston: 11,1% (1,2 mlrd dollar);
Ozarbayjon: 2,8% (307,3 mln dollar);
Vengriya: 1,1% (117,4 mln dollar).
Eksport tarkibining asosini sanoat mahsulotlari (28,2%), mashina va transport uskunalari (19%), xizmatlar (12,7%) hamda oziq-ovqat mahsulotlari (11,1%) tashkil etmoqda. Importda esa oziq-ovqat (22,8%) va mineral yoqilg‘i (20,3%) yetakchilik qiladi.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonning TDT bozorida eksportni yana 2,7 milliard dollarga oshirish imkoniyati mavjud bo‘lib, bunda asosiy o‘sish Turkiya va Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.
Investitsiyaviy sohada ham sezilarli natijalarga erishildi. 2017-2025-yillar davomida TDT mamlakatlaridan O‘zbekiston iqtisodiyotiga 11,5 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qilindi. Ayniqsa, Turkiya eng yirik investor sifatida 2025-yilning o‘zida 2,4 milliard dollar mablag‘ yo‘naltirdi. Bugungi kunda mamlakatimizda tashkilotga a’zo davlatlar kapitali ishtirokida 4,5 mingdan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Turkiy investitsiya jamg‘armasining ustav kapitali 600 million dollarga yetkazildi. O‘zbekiston ushbu jamg‘armaga 100 million dollar ulush bilan qo‘shildi. Hozirda jamg‘arma mablag‘lari evaziga ko‘plab qo‘shma loyihalar moliyalashtirilmoqda, bu esa a’zo davlatlar o‘rtasidagi sanoat va investitsiya kooperatsiyasini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA