O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari zamonaviy to‘qimachilik korxonasiga tashrif buyurdilar
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida mamlakatimiz yengil sanoatining imkoniyatlari bilan tanishdi.
Davlat rahbarlari Buxoro viloyatidagi “Merganteks” paxta-to‘qimachilik klasteri tarkibidagi “Nigora” fabrikasiga tashrif buyurdilar.


Qiymati 35 million dollarlik loyiha doirasida tashkil etilgan fabrika paxta xomashyosini qayta ishlashdan tortib, tayyor mato va kiyim-kechak tayyorlashgacha bo‘lgan uzluksiz ishlab chiqarish zanjirini yo‘lga qo‘ygan.
“Shoyigul” savdo belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan tikuv-trikotaj va tayyor kiyim mahsulotlari asosan Yevropa mamlakatlariga, xususan, Italiya, Avstriya, Buyuk Britaniya va Germaniyaga eksport qilinmoqda. Bu yerda 840 ta ish o‘rni yaratilgan.


Korxonada xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy yuqori texnologik uskunalar Xitoy, Germaniya va Belgiyadan olib kelingan. Ikkinchi bosqichda sintetik tolalar va undan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Oliy martabali mehmonlar korxonaning shou-rumini va tayyor mahsulotlar namoyishini ko‘zdan kechirdilar.


Yiliga 10 million dollarlik eksport qilayotgan fabrika mahsulotlarining sifati Tojikiston delegatsiyasi tomonidan yuqori baholandi.
Prezidentlar mamlakatlarimizning ilg‘or korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.