O‘zbekiston va Rossiya hamkorligining yangi bosqichi: strategik sheriklikning mustahkam poydevori
Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro iqtisodiy forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning ishtirok etishi va Rossiya Federatsiyasi rahbariyati bilan o‘tkazgan uchrashuvlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Bugungi global o‘zgarishlar, geosiyosiy jarayonlar va jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat davlatlardan o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni talab etmoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari nafaqat ikki mamlakat, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiluvchi muhim omillardan biri hisoblanadi.
Prezident Sh.Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston tashqi siyosatida ochiqlik, pragmatizm va o‘zaro manfaatdorlik tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Shu yondashuv natijasida Rossiya bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga chiqdi. Keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasi, investitsiyalar hajmi, sanoat kooperatsiyasi va hududlararo aloqalar izchil o‘sib bormoqda. Energetika, transport, mashinasozlik, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va mehnat migratsiyasi sohalarida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar iqtisodiy hamkorlikning mustahkam asosini yaratmoqda. Sankt-Peterburgdagi muloqotlar davomida iqtisodiy sheriklikni yanada kengaytirish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish, transport va logistika yo‘laklarini rivojlantirish, ta’lim va ilmiy almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu ikki mamlakat munosabatlari an’anaviy sohalar bilan cheklanib qolmayotganini, balki innovatsiyalar va yuqori qo‘shimcha qiymat yaratuvchi tarmoqlarga ham kirib borayotganini ko‘rsatadi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari izchil rivojlanib bormoqda. Davlat rahbarlari o‘rtasida shakllangan ochiq va ishonchli muloqot, iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlik ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qiluvchi mustahkam asosni yaratmoqda.
Firuza Muhitdinova,
Mirobod tumani Kengashi deputati,
yuridik fanlar doktori, professor