O‘zbekiston va Ozarbayjon neft-gaz sohasidagi qo‘shma loyihalarni jadallashtiradi
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida neft-gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini jadallashtirish bo‘yicha keyingi vazifalar belgilab olindi.
Bu masalalar Bokuda O‘zbekiston energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Ozarbayjonning “SOCAR” kompaniyasi prezidenti Rovshan Nadjaf ishtirokidagi uchrashuvda muhokama qilindi.
Muloqot davomida joriy yil 23-24-avgust kunlari ikki davlat prezidentlari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish masalalariga e’tibor qaratildi. Davlat rahbarlarining do‘stona tashabbuslarini amaliy natijalar bilan boyitish, energetika sohasidagi kelishuvlarni aniq loyihalarga aylantirish muhimligi qayd etildi. Avgust oyida imzolangan Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma O‘zbekiston-Ozarbayjon munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqqan muhim hujjat sifatida baholandi.
Uchrashuvda “SOCAR” bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Ustyurtdagi investitsiya bloklarida olib borilayotgan geologik-qidiruv ishlarining joriy holati, ularni jadallashtirish imkoniyatlari va keyingi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, “SOCAR” va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Neftni qayta ishlash quvvatlarini barpo etish, neft xomashyosi hamda neft mahsulotlari importini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, muzokaralar yakunida mazkur yo‘nalishlardagi loyihalarning joriy holati va ishlarni bajarish sur’atlari ko‘rib chiqildi. Kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, mavjud masalalarni tezkor hal etish va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha keyingi amaliy qadamlar belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA