O‘zbekiston va Koreya sun’iy intellekt sohasida strategik hamkorlikni kengaytirmoqda
Bugun poytaxtimizdagi “IT Park Uzbekistan”da “Ta’lim, energetika va inklyuziv hududlarni rivojlantirishda sun’iy intellekt va raqamlashtirishning strategik ahamiyati” mavzusida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Forumning ochilish qismida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktorining o‘rinbosari Nozimjon Ortiqov, Seul milliy universiteti vitse-prezidenti, doktor Kilkon Ko hamda boshqa ishtirokchilar so‘zga chiqib, tomonlar o‘rtasidagi izchil hamkorlik sun’iy intellekt va raqamlashtirish sohalarida nafaqat nazariy, balki amaliy natijalarga erishish uchun mustahkam asos yaratayotganini alohida ta’kidladi.
Qayd etilishicha, ushbu forum Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi delegatsiyasining Koreya Respublikasi va Yaponiyaga amalga oshirgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar natijasi hisoblanadi. Unda ikki mamlakatning tahliliy markazlari tomonidan sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya va barqaror rivojlanish sohalarida amaliy yechimlar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekiston iqtisodiyoti va uning tashqi ta’sirlarga nisbatan barqarorligi alohida qayd etildi. Joriy yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, iqtisodiy o‘sish 8,7 foizni tashkil etdi. Bu esa ijobiy dinamikaning saqlanayotgani hamda ichki iqtisodiy faollikning yanada kengayayotganini ko‘rsatadi.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Baxtiyor Mahkamovning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyotida sun’iy intellekt va raqamlashtirishning o‘rni tobora ortib bormoqda. Uning ta’kidlashicha, bu borada xalqaro hamkorliklarning mustahkamlanishi amalda sezilarli natijalar bermoqda.
[gallery-29124]
– Bugungi raqamli davrda ilg‘or texnologiyalar eng muhim vazifalarni hal etishda asosiy vositalardan biriga aylanmoqda. Ular bizga o‘zaro bog‘lanish, hamkorlik qilish va innovatsiyalarni hududlarimizga tezroq joriy etish imkonini beradi. Sun’iy intellekt sohasidagi ishlarimiz barqaror asos yaratishga qaratilgan bo‘lib, innovatsion ekotizimga integratsiya qilinishi mumkin bo‘lgan asosiy salohiyatlarni rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Maqsadimiz hududimizni sun’iy intellekt bo‘yicha yetakchi platformaga aylantirish. Bunda fanlararo tadqiqotlar, hamkorlik va amaliy natijalar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu maqsadga erishish uchun bir qator ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olganmiz. Birinchidan, xalqaro ilg‘or dasturlar asnosida sun’iy intellekt sohasida yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashni maqsad qilganmiz. Ikkinchidan, sun’iy intellekt orqali ta’lim tizimini rivojlantirishni ko‘zlayapmiz. Ushbu sa’y-harakatlar tufayli biz barqaror, inklyuziv va kelajakka yo‘naltirilgan raqamli muhitni shakllantirishga ishonamiz, – dedi Baxtiyor Mahkamov.
Osiyo taraqqiyot banki instituti bosh direktori Bambang Brodjonegoro inson kapitaliga investitsiya kiritish, yuqori texnologiyali tarmoqlarni rivojlantirish va global ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyalash barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omillari ekanini aytib o‘tdi.
– O‘zbekiston va Koreya Respublikasidagi tahliliy markazlar hamda universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik amaliyotga yo‘naltirilgan yechimlarni ishlab chiqish va iqtisodiy rivojlanishni tezlashtirishga xizmat qiladi. Bu jarayonda ta’lim, investitsiyalar va tegishli tashkilotlar muhim o‘rin tutsa-da, aynan tadqiqotchilar va jamoalar amaliy yechimlar va innovatsiyalarni ilgari suradi. Kiberxavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarimiz ta’lim sifatini himoya qilish bilan cheklanib qolmaydi. Bu hukumat, madaniyat va energetika sohalarida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda yanada farovon, inklyuziv va barqaror kelajakka bo‘lgan umumiy intilishimizni aks ettiradi. Ushbu yondashuv natijasida biz rivojlanish yo‘limizni ishonch bilan davom ettirish va global iqtisodiyotda muhim hudud sifatida o‘z o‘rnimizni mustahkamlashga harakat qilamiz, – dedi u.
Forum doirasida sun’iy intellektni ta’lim sohasiga joriy etish, kambag‘allikni qisqartirishda raqamli yechimlardan foydalanish, hududlarni rivojlantirish va energetika sohasini modernizatsiya qilish bo‘yicha tadqiqot natijalari taqdim etildi.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA