O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida turistik oqim oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sanjar Tojiyevning mamlakatimizga O‘zbekistonning turistik salohiyati bilan yaqindan tanishish maqsadida tashrif buyurgan Hindiston turizm biznesi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida xorijiy mehmonlarga O‘zbekistonning boy turistik salohiyati, tarixiy-madaniy merosi, zamonaviy turizm infratuzilmasi hamda sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki tomonlama turistik oqimni oshirish, yangi turistik mahsulotlarni shakllantirish va yurtimizning turistik imkoniyatlarini Hindiston bozorida keng targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi. Hindiston turizm biznesi vakillari mamlakatimizdagi tarixiy obidalar, madaniy meros, milliy taomlar, ziyorat turizmi hamda boshqa turistik yo‘nalishlarga katta qiziqish bildirdi.
Yakunda O‘zbekiston turizmini Hindistonda targ‘ib qilish va mamlakatimizga turistlar oqimini oshirishga qo‘shayotgan hissasi uchun Hindiston turizm biznesi vakillariga tashakkur sertifikatlari topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi tomonidan istiqbolli turistik bozorlarda mamlakatimizning turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va davlatlar o‘rtasidagi turistik almashinuvni yanada kengaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA