O‘zbekiston va Hindiston: kino san’ati sohasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
Toshkentda “Ayollik fasli” Hindiston kino festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi, ushbu mamlakatning Axborot va radioeshittirish vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda o‘zbek va hind kino san’ati vakillari, ixlosmandlar ishtirok etdi.
Marosim avvalida Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonim, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, hind kino rejissyori Umesh Mehra va boshqalar ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar mustahkamlanib borayotgani va bu kino san’ati rivojida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, festival 13-15-mart kunlari Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida bo‘lib o‘tadi. Tadbir doirasida "Kurashchi", "Hayot qadri", "Buyuk Tanvi" kabi ayollar hayotiga bag‘ishlangan mashhur filmlar namoyish etiladi. Ushbu festival tomoshabinlarga jamiyat qarashlarini shakllantirishda ayollarning ilhomlantiruvchi rolini ko‘rsatib beradigan ajoyib film tajribasini taqdim etadi.
Smita Pant xonim qayd etganidek, ushbu festival turli obrazlar va hikoyalar asosida ayollar hayotidagi qiyinchiliklar, ular yengib o‘tayotgan to‘siqlar va insonlar o‘rtasidagi hissiy bog‘liqlikni yoritib beradi.
– Ayollar haqida so‘z yuritar ekanmiz, men mashhur shoira Zulfiyaning so‘zlarini eslayman. U ayolni qalbning eng samimiy ovozi sifatida ta’riflagan. O‘tgan yili biz gender tenglikka qaratilgan filmlarni namoyish etgan edik. Bu yil esa ayollarning tenglik uchun kurashi va muvaffaqiyat sari bosib o‘tayotgan yo‘li haqidagi filmlar taqdim etiladi. Jumladan, "Buyuk Tanvi" haqiqiy hayotiy voqealar asosida yaratilgan, “Tanu va Manu” esa ruhiy salomatlik va ko‘pincha ochiq gapirmaydigan ichki kechinmalar haqida hikoya qiladi. Shuningdek, yana bir film yosh ayolning hayoti va jamiyatdagi stereotiplarga qarshi kurashini yoritadi. Ushbu filmlar ayollar, ularning huquqlari va his-tuyg‘ulari haqida samimiy muloqotga turtki beradi, deb umid qilamiz.
Ayollar bilan bog‘liq masalalar jamiyatning birgalikdagi sa’y-harakatlari va hamjihatligini talab qiladi. Hindistonda, 1,4 milliard aholi yashaydigan mamlakatda, ayollar aholining deyarli yarmini tashkil etadi. Shu bois, ijtimoiy hayotni inklyuziv va adolatli qilish uchun keng ko‘lamli sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda ham ayollar jamiyat rivojida muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, mamlakatlarimiz ayol tadbirkorlari, investorlar va sportchilari o‘rtasida hamkorlik rivojlanmoqda. Bu esa bizni quvontiradi, – dedi elchi xonim.
Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev mamlakatimiz va Hindiston o‘rtasida kino san’ati sohasidagi hamkorlikning rivojlanishi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat kinematografiyasi o‘rtasidagi aloqalar nafaqat filmlar, seriallar va festivallar, balki rejissyorlar, aktyorlar va texnik mutaxassislar o‘rtasidagi tajriba almashinuvi natijasida ham kengayib bormoqda.
[gallery-28107]
– “Ayollik fasli” Hindiston kino festivalining ochilishi ham bu kabi hamkorlikka keng yo‘l ochadi. Hind kino san’ati dunyoda o‘z o‘rniga ega va uning tajribasi O‘zbekiston kinematograflari uchun katta ilhom manbai bo‘ladi. Biz turli hamkorlik dasturlari va qo‘shma loyihalar asosida bu ikki mamlakat kino san’atida yangicha imkonlarni ochishga intilayapmiz. Kino sohasidagi hamkorlik nafaqat san’atni rivojlantirish, balki ikki xalq madaniy aloqalarini ham mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Qo‘shma loyihalar va festivallar rejissyorlar va aktyorlar uchun yangi tajriba orttirish imkoniyatini yaratadi. Bu esa nafaqat zamonaviy kinoning sifati va professional tayyorgarligini oshirishga yordam beradi, balki xalqaro miqyosda O‘zbekiston filmlarining auditoriyasini kengaytirish va dunyo kinematografiyasidagi nufuzini oshirishga ham xizmat qiladi, – dedi u.
Marosim doirasida “Kino orqali ijtimoiy qarashlar va hikoyalarni shakllantirish hamda o‘zgartirishda ayollarning ta’siri” mavzusida panel muhokamasi ham tashkil etildi.
Tadbir davomida taniqli hind aktyori Amir Xon va kinoijodkor Gauri Shindening video tabrigi yo‘llandi. Hind qo‘shiqlari va raqslar ijrosi esa ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA