O‘zbekiston va Gongkong o‘rtasida vizasiz rejim uzaytirilishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda
Gongkong mediasida katta nufuzga ega “HKG TVB news today” telekanalining ma’lumot berishicha, Gonkong va O‘zbekiston o‘rtasida vizasiz rejim muddati uzaytirilishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Gonkong sayyohlik agentliklari ikki tomonlama turizm rivojlantirilishiga umid bilan qarayotgani to‘g‘risida maqola e’lon qildi.
“Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston poytaxti Toshkentda ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatning noyob arxitektura timsoliga aylandi. U texnologik yutuqlarni o‘z ichiga olgan holda an’anaviy islom estetikasini namoyish etadi. Uning kolleksiyasida bizgacha yetib kelgan dunyodagi eng qadimiy qo‘lyozmalardan biri bo‘lgan Qur’oni karimning “Usmon Mushafi” mavjud” deyiladi ko‘rsatuvda.
Materialda Xitoydan O‘zbekistonga kelgan sayyoh Ni xonimning fikrlari ham kiritilgan: “Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi islomiy an’analarga tayangan. Ularning naqshlari va bezaklari juda murakkab bo‘lib, bu Xitoy arxitekturasidan keskin farq qiladi. O‘zbekistonga xos arxitekturani hamma joyda uchratish mumkin, jumladan, metro stansiyalarida. Toshkent Markaziy Osiyodagi eng qadimiy va eng uzun metro liniyasiga ega. Shuningdek, poytaxtda 375 metr balandlikdagi teleminora mavjud bo‘lib, u sayyohlar uchun shaharni kuzatish minorasi vazifasini ham o‘taydi.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda viza tartibini yumshatish va transport infratuzilmasini yaxshilash evaziga turizm industriyasini jadal rivojlantirmoqda. O‘tgan yili mamlakat 11 milliondan ortiq xorijiy sayyohni qabul qildi.
Xitoy Xalq Respublikasi Syangan (Gonkong) maxsus ma’muriy hududi Administratsiyasi rahbari Li Szyachao boshchiligidagi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi davomida sayyohlar uchun vizasiz muddatni 10 kundan 30 kungacha uzaytirishga kelishib olindi. Shuningdek, ikki davlat aviakompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham dastlabki kelishuvga erishildi.
Vizasiz muddatni o‘ttiz kungacha uzaytirish juda foydali bo‘ladi, chunki sayyohlar uchun odatda o‘n kun etarli emas. Agar kelajakda Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bo‘lsa, bu sayyohlik guruhlari uchun juda qulay bo‘ladi. Hozirda Gonkongdan juda kam odam O‘zbekistonga sayohat qiladi, chunki ular boshqa mamlakatlar orqali Toshkentga tranzit reyslar orqali borishni yoqtirmaydilar”, deb yoritilgan materialda.
Ma’lumki, Gonkong Osiyo mintaqasining eng yirik moliyaviy, biznes va logistika markazlaridan biri hisoblanadi. Shu bois O‘zbekiston uchun mazkur hudud nafaqat turistik bozor, balki investitsiya va xalqaro hamkorlik nuqtai nazaridan ham muhim strategik yo‘nalish sanaladi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA