O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida turistik hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi
Xiva shahrida O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining to‘rtinchi biznes-forumi doirasida o‘tkazilgan “Turistik muloqot: salohiyatdan aniq qo‘shma loyihalar sari” mavzusidagi yig‘ilishida turistik almashinuv hajmini oshirishga e’tibor qaratildi.
Yangi turistik mahsulotlar va qo‘shma turistik marshrutlarni ishlab chiqish, shuningdek, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida ikki mamlakatning turistik salohiyatini birlashtirgan qo‘shma mahsulotlarni yaratish va ularni uchinchi davlatlar bozorlariga birgalikda targ‘ib qilish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.

O‘zbekistonning boy madaniy-tarixiy merosi, ekologik, etnik, gastronomik, ta’lim va ziyorat turizmi yo‘nalishlaridagi salohiyatidan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu imkoniyatlar asosida yangi turistik mahsulotlar va investitsiya loyihalarini shakllantirish muhim vazifalardan biri sifatida qayd etildi.

O‘z navbatida, Belarus Respublikasining ekoturizmni rivojlantirish, turistik qishloqlarni tashkil etish, ta’lim turizmini kengaytirish hamda turizm sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash borasidagi tajribasi ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
Turistik biznes vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, turoperatorlar, mehmonxonalar va boshqa turizm sub’ektlari o‘rtasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi. Bunda asosiy e’tibor aniq qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq etishga qaratildi.
Ikki mamlakatning turizm sohasiga mas’ul davlat tashkilotlari, turoperatorlar, mehmonxona biznesi, ta’lim muassasalari hamda xususiy sektor vakillari ishtirok etgan yig‘ilish yakunida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator kelishuv va memorandumlar imzolandi.

Xususan, turistik xizmatlar ko‘rsatish va turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar rasmiylashtirildi.
Ushbu kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasida turistik oqimni ko‘paytirish, yangi hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish va istiqbolli qo‘shma turistik loyihalarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
N. Abduraimova,
B. Saidov (surat), O‘zA