O‘zbekiston va AQSH hamkorligi yangi imkoniyatlari muhokama qilindi
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov AQSH Davlat kotibi jamoatchilik diplomatiyasi bo‘yicha o‘rinbosari Sara Rodjers bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar muzokara davomida O‘zbekiston – AQSH munosabatlarining ta’lim, madaniyat, axborot almashinuvi va jamoatchilik diplomatiyasi sohasidagi hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va muloqotni kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov mazkur tashrif O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Qayd etish joiz, AQSH va O‘zbekiston so‘nggi yillarda ta’lim, madaniy almashinuv, axborot siyosati hamda fuqarolik jamiyati sohasidagi hamkorlikni faol kengaytirib bormoqda.
D.Hakimov, O‘zA