“O‘zbekiston uchun toza vodorod” loyihasi rasman ishga tushirildi
Ma’lumki, vodorod energetikasi global energiya industriyasida eng salohiyatli va ekologik barqaror yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu texnologiya nafaqat uglerod chiqindilarini kamaytirish, balki rivojlanayotgan mamlakatlarda energiya xavfsizligini ta’minlash va iqtisodiy o‘sishga turtki berish imkonini beradi.
O‘zbekistonda ham energiya tizimini modernizatsiya qilish va "yashil" iqtisodiyotga o‘tish dolzarb masalaga aylanmoqda. Mamlakatda qo‘llanilayotgan an’anaviy energetika manbalari asosan suyuq yoqilg‘iga bog‘liq bo‘lib, ular iqtisodiy samaradorlikni cheklaydi hamda ekologik xavflarni keltirib chiqaradi.
Shu bois, toza vodorod ishlab chiqarish va uni energetika tarmoqlariga integratsiya qilish orqali mamlakatimiz uglerod neytral energetika tizimiga erishish va yangi investitsiya imkoniyatlari yaratishga intiladi.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi hamda Global yashil o‘sish instituti (GGGI) hamkorligida “O‘zbekiston uchun toza vodorod” loyihasining rasmiy ochilishi ham yurtimizda bu borada ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan bog‘liq.
Qator vazirlik va tashkilotlar mas’ullar, mutaxassislar ishtirok etgan ushbu tadbirda loyiha doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan strategik vazifalar hamda kelgusidagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Loyiha mamlakatimizda mazkur sohani rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, u Koreya Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Korea Green New Deal Trust Fund” (KGNDTF) jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi.
Energetika vazirligi bo‘lim boshlig‘i Behruz Mirzayevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda toza vodorod energetikasini rivojlantirish borasida bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.

– Bugungi tadbir ham ulardan biridir. Mazkur loyiha doirasida mamlakatimizda uglerod chiqindilarini kamaytirish, energetika tizimini zamonaviylashtirish va deyarli barcha hududlarda yashil energiya resurslaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi. Bundan tashqari, toza vodorod ishlab chiqarish tarmog‘i mamlakat iqtisodiyoti uchun yangi sanoat va eksport sektoriga turtki bo‘ladi hamda investitsiya muhitini yanada jozibador qiladi. Ushbu loyiha nafaqat energetika sohasini modernizatsiya qiladi, balki ekologik barqarorlik va yashil iqtisodiyotga o‘tish yo‘lida muhim qadam sanaladi, – dedi u.
Aytish kerakki, “O‘zbekiston uchun toza vodorod” loyihasi mamlakatimizning kam uglerodli energetika tizimiga o‘tishini ta’minlash, og‘ir sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish hamda yangi sanoat va eksport imkoniyatlarini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA