O‘zbekiston U17 terma jamoasining Osiyo kubogi uchun yakuniy tarkibi ma’lum
Joriy yilning 5-22-may kunlari Saudiya Arabistoni futbol bo‘yicha U17 Osiyo kubogiga mezbonlik qiladi. Unda qit’amizning 16 terma jamoasi 4 guruhga bo‘lingan hoda o‘zaro raqobatlashadi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston U17 termasi "D" guruhidan o‘rin olgan bo‘lib, Avstraliya, Hindiston va KXDR bilan raqobatlashadi. Terma jamoamiz murabbiyi Sergey Chigodayev tomonidan ushbu musobaqaga quyidagi futbolchilar tanlab olindi:
Darvozabonlar: 1.Olimjon Shomurotov, 12.Mehroj Sirojiddinov, 21.Abdulboriy Zoidjonov;
Himoyachilar: 2.Mashhurbek Abdisoliyev 3.Muhammadaziz Ro‘ziboyev, 4.Muhammad Hakimov, 5.Elsevar Olimov, 13.Mirjamol Anvarov, 15.Nurmuhammad O‘ktamov, 16.Adis Abdunabiyev, 22.Abubakir Rahimov;
Yarim himoyachilar: 6.Muhammad Mamatov, 7.Amirxon Erkinov, 8.Islom Ravshanov, 10.Mirkomil Murodov, 11.Suhrob Sadirjanov, 14.Muhammad-Odilxon Orifxonov, 17. Jahongirmirzo O‘ktamboyev, 19. Ahror Ravshanbekov, 18.Farrux Hayitmurodov;
Hujumchilar: 9. Asilbek Aliyev, 20. Laziz Abduraimov, 23. Rustam Aliyev
Eslatib o‘tamiz, JCHda qizil kartochka olgan Asilbek Aliyev diskvalifikatsiya qilingan va 3 ta o‘yinda ishtirok etolmaydi.

Endi esa futbolchilarimizning guruh o‘yinlaridagi uchrashuvlari haqida qisqacha ma’lumot beramiz. Jamoamiz "D" guruhidagi ilk o‘yinni 6-may kuni KXDR terma jamoasiga qarshi o‘tkazsa, ikkinchi uchrashuv 10-may kuni Hindistonga qarshi o‘tadi. Guruhdagi oxirgi o‘yin Avstraliya termasi bilan 13-mayda bo‘lib o‘tadi.

Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, mazkur musobaqa Qatarda bo‘lib o‘tadigan 17 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi FIFA Jahon chempionatiga saralash vazifasini ham o‘tab beradi. Musobaqaning eng yaxshi 8 ta jamoasi 2026-yilgi o‘smirlar o‘rtasidagi mundialda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA