O‘zbekiston texnologik metallar kombinati Yevropaning yirik banki bilan 50 million yevrolik kelishuv imzoladi
O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan “Investorlar kuni” xalqaro anjumani doirasida Yevropaning eng yirik moliyaviy institutlaridan biri — “Société Générale” banki bilan 50 million yevro miqdoridagi moliyaviy resurslarni jalb qilish bo‘yicha asosiy shartlar kelishuvi (Terms Sheet)ni imzoladi. Mazkur kelishuv TMKning xalqaro kapital bozorlaridagi ishtirokini yangi bosqichga olib chiqish bilan birga, O‘zbekistonning kritik minerallar va texnologik metallar sanoatini global moliya tizimi bilan integratsiya qilish yo‘lidagi muhim qadami sifatida baholanmoqda.
Hamkorlik doirasida uzoq muddatli kredit liniyalarini tashkil etish, savdo operatsiyalarini moliyalashtirish hamda eksportga yo‘naltirilgan, chuqur qayta ishlashga asoslangan sanoat loyihalarini qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tomonlar zamonaviy investitsion-bank mexanizmlarini joriy etish, xalqaro eksport-kredit agentliklari (ECA) bilan hamkorlikni kengaytirish va ESG tamoyillari asosida “yashil” hamda barqaror ishlab chiqarish loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha yakdil fikrga keldilar. Bu TMKning global moliya bozorlaridagi investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

“Investorlar kuni” tadbirlari doirasida kombinati delegatsiyasi dunyoning yetakchi moliyaviy va investitsiyaviy institutlari, xususan, “J.P. Morgan”, “BlackRock”, “Wellington Management Company LLP”, “Ashmore Investment Management”, “T. Rowe Price Associates” va “AXA Investment Management” kompaniyalari rahbariyati bilan ham samarali muzokaralar o‘tkazdi. Muloqotlar davomida xalqaro investorlar TMK tomonidan xalqaro kapital bozorida yevrobondlarning muvaffaqiyatli joylashtirilgani, kompaniyaning kritik minerallar bozoridagi istiqbollari va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sanoat loyihalariga yuqori baho berdilar.

Bundan tashqari, TMK xalqaro investitsiyalar va strategik sanoat loyihalarini moliyalashtirishga ixtisoslashgan “Kirkoswald Capital Partnership LLP” kompaniyasi bilan anglashuv memorandumini imzoladi. Ushbu hujjat muhim xomashyo va texnologik metallar sohasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, xalqaro yetkazib berish zanjirlarini shakllantirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston texnologik metallar kombinati “kon-metall-bozor” tamoyili asosida geologiya-qidiruv, qazib olish, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni o‘z ichiga olgan yagona sanoat ekotizimini izchil shakllantirmoqda. Kompaniya kritik minerallar va texnologik metallar yo‘nalishida xalqaro hamkorlik ko‘lamini kengaytirish orqali O‘zbekistonni global sanoat va yashil iqtisodiyot uchun muhim xomashyo markazlaridan biriga aylantirishni maqsad qilgan.
O‘zA