“O‘zbekiston temir yo‘llari” xalqaro ko‘rgazmada o‘z salohiyatini namoyish etmoqda
Bugungi kunda temir yo‘l transporti sohasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, harakatlanuvchi tarkibni yangilash, infratuzilmani rivojlantirish va raqamli yechimlardan foydalanish transport tizimi samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Germaniyaning Berlin shahrida temir yo‘l transporti sohasidagi yirik xalqaro tadbirlardan biri - “InnoTrans-2026” ko‘rgazmasining o‘tkazilishi ham ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.

Ahamiyatli jihati, unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ham faol ishtirok etib, jamiyat tarkibiga kiruvchi sanoat korxonalari va tashkilotlarining faoliyatini namoyish etmoqda.
Ko‘rgazmada temir yo‘l transportidagi innovatsion ishlanmalar, jumladan, harakatlanuvchi tarkib, temir yo‘l infratuzilmasi, tunnellar qurilishi, poyezdlar intereri hamda transport sohasi uchun raqamli yechimlarga oid zamonaviy texnologiyalar taqdim etilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ uchun bu “InnoTrans” ko‘rgazmasidagi ilk ishtirok hisoblanadi. Mazkur tadbir jamiyat uchun xalqaro tajribani o‘rganish, sohadagi yangi texnologiyalar bilan tanishish va xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni rivojlantirish imkonini beradi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA