O‘zbekiston – Serbiya: do‘stlikdan strategik sheriklik sari
Yangi imkoniyatlar, yangi tashabbuslar va amaliy hamkorlik istiqbollari
Bugungi globallashuv va jahon iqtisodiyotida keskin raqobat kuchayib borayotgan bir sharoitda har bir davlatning tashqi siyosatida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, yangi bozorlarga chiqish va ishonchli sheriklar bilan aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston ham ochiq va pragmatik tashqi siyosat yuritib, dunyo davlatlari bilan do‘stona, o‘zaro manfaatli munosabatlarni izchil rivojlantirib kelmoqda. Ayniqsa, Yevropa mamlakatlari bilan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlarning tobora rivojlanib borayotgani e’tiborga loyiq. Ikki davlat rahbarlarining muntazam muloqotlari, o‘zaro tashriflar va turli xalqaro tadbirlar doirasidagi uchrashuvlar mamlakatlar o‘rtasidagi siyosiy ishonchni yanada mustahkamlamoqda.
2025-yil oktabr oyida Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda muhim voqea bo‘ldi. Ushbu tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish, mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish uchun mustahkam asos yaratdi. Joriy yilning 7-8-sentabr kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Serbiyaga rasmiy tashrifi O‘zbekiston–Serbiya munosabatlaridagi izchillikning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining Belgrad shahriga rasmiy tashrif bilan yetib kelishi Serbiya tomonidan yuksak hurmat va katta e’tibor bilan kutib olindi. O‘zbekiston Prezidenti samolyotiga Serbiya havo hududida harbiy-havo kuchlari samolyotlarining hamrohlik qilishi, ikki davlat bayroqlarining ko‘tarilishi va poytaxt ko‘chalarining O‘zbekiston davlat ramzlari bilan bezatilishi tashrifning siyosiy ahamiyati nechog‘lik yuqori ekanini ko‘rsatdi.
Har qanday siyosiy muloqotning haqiqiy samarasi uning amaliy natijasi bilan belgilanadi. Shu jihatdan Prezidentimiz tashrifi doirasida iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilgani juda muhim. 8-sentabr kuni ikki davlat hukumatlararo komissiyalarining iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha yig‘ilishi o‘tkazildi. Mazkur muloqot maydoni O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi mavjud kelishuvlarni aniq amaliy loyihalarga aylantirish, yangi o‘sish nuqtalarini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda ikki davlatning iqtisodiy salohiyati va mavjud imkoniyatlarini hisobga olsak, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish uchun katta zaxiralar mavjud. Hukumatlararo komissiya yig‘ilishida energetika, investitsiyalar, innovatsiyalar, IT xizmatlari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, sanoat kooperatsiyasi, farmatsevtika, to‘qimachilik hamda sport kabi sohalar ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangani ham bejiz emas.
Ayniqsa, innovatsiyalar va IT xizmatlari sohasidagi hamkorlik istiqbolli yo‘nalishlardan biri, deb hisoblayman. Bugun raqamli texnologiyalar nafaqat iqtisodiyotning alohida tarmog‘i, balki barcha sohalar taraqqiyotining muhim omiliga aylanmoqda. Shu sababli O‘zbekiston va Serbiyaning texnologik salohiyatini birlashtirish yangi loyihalar, startaplar, raqamli xizmatlar va innovatsion ishlanmalar uchun keng imkoniyatlar yaratishi mumkin. Ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalasining muhokama qilingani ham alohida ahamiyatga ega. Bevosita aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi mamlakatlar o‘rtasida odamlar harakatini yengillashtirish bilan birga, biznes aloqalarini kengaytirish, sayyohlik oqimini oshirish, ta’lim va madaniy munosabatlarni rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Tomonlarning hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini 2027-yilda O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib olgani esa hamkorlikning bir martalik emas, balki uzoq muddatli va tizimli xarakterga ega ekanini ko‘rsatadi. Serbiyaning O‘zbekiston uchun ahamiyatini faqat ikki tomonlama munosabatlar bilan cheklab bo‘lmaydi. Mamlakatning Bolqon mintaqasidagi o‘rni, sanoat va texnologik salohiyati hamda Yevropa iqtisodiy makoni bilan aloqalari O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etadi. O‘zbekiston uchun Yevropa bilan iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish va yangi bozorlarga chiqish ustuvor vazifalardan biridir.
Tashrif doirasida Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga “Shavkat Mirziyoyev doktorinasi” nomli kitobning serb tilidagi maxsus nashrini sovg‘a qilgani ham e’tiborli voqea bo‘ldi. Kitobning serb tilida nashr etilgani Serbiyada O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosiy qarashlariga qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Bu oddiy sovg‘adan ko‘ra kengroq ma’noga ega. Zero, kitob xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘prikdir. O‘zbekiston haqidagi ma’lumotlarni serb tilida o‘qish imkoniyati Serbiya jamoatchiligining mamlakatimiz hayoti va taraqqiyot jarayonlari haqida yanada kengroq tasavvurga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.
Bugun O‘zbekiston–Serbiya munosabatlarida mustahkam poydevor shakllangan. Endi asosiy vazifa ana shu poydevorni aniq va samarali loyihalar bilan boyitishdan iborat.
Eng muhimi, bugungi kelishuvlar ertaga yangi investitsiyalar, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, texnologik loyihalar, yangi ish o‘rinlari va eksport imkoniyatlariga aylanishi kerak. O‘zbekistonning har bir tashqi hamkorligi, avvalo, xalqimiz farovonligiga xizmat qilishi zarur, deb hisoblayman. Chunki tashqi siyosatning kuch-qudrati uning yuksak maqsadlarida emas, balki insonlar hayotida seziladigan amaliy natijalarida namoyon bo‘ladi.
Guljan Xalmuratova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi, Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi
O‘zA