O‘zbekiston sayyohlar oqimi eng tez o‘sib borayotgan TOP-5 davlat qatoriga kirdi
BMT Turizm tashkilotining (World Tourism Barometer) so‘nggi tahliliy ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2026-yilning yanvar–mart oylarida xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha dunyoda eng yuqori o‘sish qayd etilgan TOP-5 davlat qatoriga kirdi.
Hisobotda qayd etilishicha, mamlakatga tashrif buyurgan xalqaro turistlar soni 2025-yilning shu davriga nisbatan 37 foizga oshgan. Bu esa O‘zbekistonning jahon turizm bozoridagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
2026-yilning birinchi choragida jahon bo‘yicha xalqaro sayohatlar hajmi o‘rtacha 2 foizga o‘sib, 307 million sayyohni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6 million nafarga ko‘pdir.
Global o‘sish sur’atlari fonida O‘zbekiston turizm sohasida yanada yuqori natijalarni namoyon etmoqda. Xususan, 2025-yilda mamlakatga qariyb 11,7 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, 2026-yilning dastlabki besh oyida bu ko‘rsatkich 5,3 milliondan oshdi.
Mutaxassislar sayyohlar oqimining ortishiga vizasiz va yengillashtirilgan viza rejimlarining kengayishi, transport qatnovlarining yaxshilanishi hamda xalqaro miqyosda olib borilayotgan targ‘ibot ishlari sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda. Shuningdek, yangi mehmonxonalar, turoperatorlar va turizm sohasi mutaxassislari sonining ko‘payishi mamlakat turizm infratuzilmasini yanada mustahkamlamoqda.
O‘zbekistonning xavfsiz va nisbatan arzon sayyohlik yo‘nalishi sifatida e’tirof etilishi ham xorijlik mehmonlarni jalb etayotgan muhim omillardan biri hisoblanadi. Ko‘plab sayyohlar uchun mamlakat boy tarixiy merosi, milliy madaniyati va qulay sayohat sharoitlari bilan ajralib turadi.
Bugungi kunda Samarqand, Buxoro va Xiva kabi mashhur tarixiy shaharlar bilan bir qatorda ekologik va gastronomik turizm yo‘nalishlari ham sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu esa mamlakat turizm mahsulotlarining tobora xilma-xillashib borayotganini anglatadi.
Uzoq xorij davlatlaridan kelayotgan turistlar sonining ortishi O‘zbekistonning nafaqat mintaqaviy, balki global turizm xaritasida ham muhim o‘rin egallab borayotganini ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar mazkur natijalar mamlakat turizm sohasining kelgusi yillarda ham barqaror o‘sishi uchun mustahkam zamin yaratayotganini ta’kidlamoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA