O‘zbekiston – Rossiya: tibbiyotdagi hamkorlik
Aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda Buxoro viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Rossiya Federatsiyasining Kemerovo shahridagi yurak-qon tomir kasalliklarining kompleks muammolari ilmiy-tadqiqot instituti professorlari V.Ganyukov va R.Tarasov respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida bo‘ldi.

Mehmonlarni muassasa direktori, tibbiyot fanlari nomzodi M.Rajabov boshchiligidagi mas’ullar kutib oldi. Filialda amalga oshirilayotgan tibbiy xizmatlar ko‘lami, davolash-diagnostik me’yor talablari ijrosi, mutaxassislar malakasini oshirish va ilmiy izlanishlarda erishilayotgan yutuqlar, belgilangan rejalar hamda qo‘llanilayotgan yuqori texnologik murakkab operatsiyalar bilan yaqindan tanishtirdi.

O‘z navbatida, filialda kardiovaskulyar tibbiyotni rivojlantirish maqsadida Rossiyaning Kemerovo ilmiy tibbiyot instituti hamda uning tizimidagi tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni olib borish orqali soha bo‘yicha ilm-fan va tajriba oshirish hamda yosh mutaxassislarni klinik yo‘nalishda diplomdan keyingi amaliyot olishlariga sharoit yaratib berish borasida ikki yoqlama kelishuvga erishildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri