O‘zbekiston Prezidenti “Rosatom” korporatsiyasi bosh direktorini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-oktabr kuni “Rosatom” atom energiyasi bo‘yicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi.
Uchrashuvda mamlakatimizda ilk integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini barpo etish loyihasini amalga oshirish hamda ilg‘or texnologiyalar va bilimlar asosida tegishli infratuzilmani rivojlantirish masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

Birinchi reaktor binosi poydevorini qurish hamda atom elektr stansiyasini loyihalashtirish ishlari izchil davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Sohada malakali kadrlarni tayyorlash, bunda, jumladan, “MMFI” milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentdagi filiali hamda “Rosatom” kompaniyasi ob’ektlaridagi imkoniyatlardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, bo‘lajak AES yaqinida energiya tejamkor uy-joylar, zamonaviy ta’lim, tibbiyot va sport muassasalari hamda aholi uchun qulay ijtimoiy infratuzilmaga ega atomchilar shaharchasini barpo etish borasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.