O‘zbekiston Prezidenti Jahon banki bilan sheriklikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Jahon banki ta’sischi davlatlarining “Shveysariya guruhi” yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan bankning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Antonella Bassani davlatimiz rahbariga Jahon banki prezidenti Ajay Banganing samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Jahon banki guruhi bilan strategik hamkorlikni Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan tarkibiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha keng miqyosda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

So‘nggi yillarda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan ikki tomonlama aloqalar va konstruktiv sheriklik misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yil sentabr oyida Nyu-York shahrida Jahon banki prezidenti bilan erishilgan oliy darajadagi kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Qo‘shma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshdi. Toshkent shahrida Jahon bankining mintaqaviy ofisi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Moliyalashtirishning yangi mexanizmlari samarali joriy etilmoqda.

Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon banki oliy rahbariyatining tashriflari va qo‘shma tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning eng asosiy yo‘nalishlarini qamrab oluvchi yangi uzoq muddatli Mamlakat dasturini ishlab chiqish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ilgari surish hamda iqtisodiyot tarmoqlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda Jahon banki guruhining moliyaviy vositalaridan foydalanishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Suv xo‘jaligi sohasini moliyalashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga ko‘maklashish masalalarida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.