O‘zbekiston Prezidenti Buyuk Britaniya delegatsiyasini qabul qildi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniyaning investitsiyalar bo‘yicha davlat vaziri, lord Djeyson Stokvud boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda Buyuk Britaniyaning “UK Export Finance”, “Standard Chartered UK”, “Sturgeon Capital”, “Endeavour Mining” va “British Petroleum” kabi yetakchi kompaniyalari, banklari va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Ikki tomonlama hamkorlikning ijobiy sur’ati qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi va Britaniya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni jadal o‘sib bormoqda.

Toshkent xalqaro moliya markazi, Xalqaro tijorat sudi va kapital bozorini rivojlantirish hamda farmatsevtika, sun’iy intellekt va energetika sohalarida texnologik sheriklikni kengaytirish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvvatlandi.

Moliya, infratuzilma, davlat-xususiy sheriklik, “yashil” energetika, transport, geologiya va neft-gaz sohalarida, shu jumladan, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.