O‘zbekiston - Ozarbayjon: strategik sheriklikdan abadiy do‘stlik sari
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi siyosiy muloqot yangi bosqichga ko‘tarildi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarning kengayishi, transport, energetika, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitmoqda.
Ozarbayjon yetakchisi Ilhom Aliyevning yurtimizga davlat tashrifi ana shu jarayonning muhim davomi bo‘ldi. Tashrif davomida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Uchrashuvlar yakunida siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.
Tashrifning eng muhim natijalaridan biri O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi bo‘ldi. Mazkur hujjat ikki o‘lka o‘rtasidagi siyosiy ishonchni mustahkamlash bilan birga, uzoq muddatli hamkorlikning huquqiy asoslarini kengaytirmoqda.
Iqtisodiy hamkorlikda ham aniq maqsadlar belgilangan. Tomonlar 2030-yilga qadar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha dasturni qabul qildi. Investitsiya va savdo sohalaridagi kelishuvlar bilan bir qatorda bank-moliya, qurilish materiallari, turizm, ta’lim va mineral xomashyoni qayta ishlash bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Transport-kommunikatsiya sohasi ham O‘zbekiston–Ozarbayjon iqtisodiy sherikligining strategik yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ozarbayjonning Kaspiy dengizi orqali xalqaro transport yo‘laklaridagi o‘rni respublikamiz uchun Yevropa bozorlariga chiqishda muhim ahamiyatga ega. Diyorimizning Markaziy Osiyodagi geografik joylashuvi esa Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi tranzit marshrutlarini diversifikatsiya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Tashrif doirasida madaniy-gumanitar hamkorlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘ining barpo etilishi va Bokuda “O‘zbekiston” bog‘ini tashkil etish tashabbusi ikki xalqning tarixiy, madaniy va ma’naviy yaqinligini ifodalovchi muhim ramziy qadamlardir.
Umuman olganda, O‘zbekiston - Ozarbayjon munosabatlari siyosiy ishonch, iqtisodiy manfaatlar va tarixiy-madaniy yaqinlikni birlashtirgan keng qamrovli hamkorlikka aylanmoqda. Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi esa ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi siyosiy-huquqiy bosqichga olib chiqib, uzoq muddatli hamkorlik uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.
Rashid Mamatqulov,
Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti