O‘zbekiston ovozi – aholiga tun-u kun xizmat ko‘rsatadigan gastronomik ko‘cha (+video)
Prezident tashrifidan so‘ng...
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Mirzo Ulug‘bek tumani O‘zbekiston ovozi ko‘chasida tashkil etilgan gastronomik turizm ko‘chasi faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur loyiha davlatimiz rahbarining 2022-yil 30-aprelda qabul qilingan “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan.
Ob’ekt 2025-yil sentabr oyida ishga tushirilgan. 24/7 rejimida ishlaydigan gastronomik va servis ko‘cha sanaladi. Loyihaning bosh rejasi Rossiyaning “City Makers” va “Lyudi Arxiteks” byurosi tomonidan ishlab chiqilgan.

Toshkent shahar hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Azizxon Shavkatov poytaxtda faoliyat yurituvchi turizm va gastronomik ko‘chalarda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi:
– Bugungi kunda odamlar ochiq muhitda sayr qilib, gastronomik hududlarda dam olish, mazali taomlardan bahramand bo‘lish va mazmunli vaqt o‘tkazishga tobora ko‘proq qiziqyapti, – dedi hokim o‘rinbosari. – Shu bois, bunday turizm ko‘chalarini ko‘paytirish, ularni xalqimizning urf-odatlari va milliy an’analari bilan uyg‘unlashtirish kerakligi aytildi. Jumladan, ana shunday hududlarda milliy choyxonalar tashkil etilib, mahalla ahlini birlashtiruvchi muhit yaratilishi, qazonda pishgan oshning sopol laganlarda tortilishi orqali o‘zbekona mehmondo‘stlik va an’analarni namoyon etishimiz topshirig‘i yuklatildi. Bu orqali nafaqat dam olish, balki milliy o‘zligimizni namoyon qilish imkoniyati ham kengayadi.
Davlatimiz rahbari Islom sivilizatsiyasi markazi misolida milliylikni targ‘ib qilish, madaniy merosimizni asrab-avaylash ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligini aytdilar. Yurtimizning imkoniyatlari keng, shu bois yuzlab gastronomik ko‘chalarni tashkil etish orqali ham iqtisodiy, ham madaniy yuksalishga erishish mumkin. Bunday ko‘chalar raqobat muhitini shakllantirib, xizmatlar sifatini oshirish va narxlarning barqarorlashuviga xizmat qiladi.
Sirg‘ali, Yangihayot kabi hududlarda ham shunday maskanlarni tashkil etish, hatto milliy an’analarimizni aks ettiruvchi yangi loyihalar – masalan, tuya minish kabi noyob xizmatlarni yo‘lga qo‘yish zarur. Bu esa turizm jozibadorligini yanada oshirib, insonlarda yangilikka intilish va qiziqish uyg‘otadi. Barcha tashabbuslar markazida inson, uning ehtiyoj va orzulari turishi kerak. Shu bois, fuqarolar bilan muloqot qilib, ayniqsa, yosh avlod uchun qanday sharoitlar yaratish zarurligini o‘rganashimiz lozim.
Batafsil video intervyuni rasmiy sahifalarimizda tomosha qiling.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EW21yxAbN64" title="24/7 rejimida ishlaydigan ko’cha yana yuztaga ko’payadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz XUDOYBERDIEV,
Nosirjon HAYDAROV (foto),
Anvarxo‘ja AHMEDOV (video),
O‘zA