O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilida mehnat qonunchiligi rivojlanish tendensiyasi
35 yillik taraqqiyot: mehnat qonunchiligining evolyutsiyasi
Bu yil O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh g‘oyasi ostida nishonlanmoqda. Istiqlol mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida tub o‘zgarishlarni boshlab berish bilan birga, milliy huquqiy tizimni shakllantirish uchun ham zamin bo‘ldi. Mehnat qonunchiligining bosqichma-bosqich takomillashuvi natijasida ish beruvchi va xodimlar huquqlari kafolatlari hamda mehnat bozorini tartibga solish mexanizmlari sezilarli darajada o‘zgardi. Shu jihatdan, mehnat qonunchiligining rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilish nafaqat uning tarixiy evolyutsiyasini, balki bugungi mehnat munosabatlarining huquqiy asoslari va kelgusidagi rivojlanish yo‘nalishlarini ham anglash imkonini beradi.
Mehnat huquqining uch bosqichli taraqqiyot yo‘li
Mustaqillik davridagi O‘zbekiston mehnat qonunchiligining rivojlanish tendensiyasini uni uch asosiy davrga ajratish mumkin. Xususan, 1991–1995-yillar sovet davri mehnat qonunchiligidan milliy mehnat qonunchiligiga o‘tish va yangi huquqiy tizimni shakllantirish davri, 1995–2023-yillar milliy mehnat qonunchiligini rivojlantirish va takomillashtirish davri, 2023-yildan hozirgi kungacha bo‘lgan davr esa zamonaviy mehnat huquqi va raqamli mehnat munosabatlarini shakllantirish bosqichidir. Mehnat qonunchiligining rivojlanishi davlat tomonidan markazlashgan tartibga solish modelidan milliy, shartnomaviy, bozor tamoyillariga asoslangan zamonaviy modelga o‘tish tendensiyasini namoyon etadi.
Sovet davridan meros qolgan mehnat-huquqiy tizim
1971-yildagi “O‘zbekiston SSRning Mehnat qonunlari to‘g‘risidagi kodeksi” respublikada mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi asosiy kodifikatsiyalangan huquqiy hujjat hisoblangan. Ushbu hujjat 1991-yilda O‘zbekiston davlat mustaqilligini qo‘lga kiritgan davrda ham amalda bo‘lib, 1995-yilda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi qabul qilingunga qadar, qariyb 5 yil davomida huquqiy tartibga solishning asosiy manbasi bo‘lib xizmat qildi. Mazkur Kodeks mehnat munosabatlarini davlat va sotsialistik xo‘jalik tizimi manfaatlari asosida qat’iy tartibga solgan hujjat edi.
Ushbu Kodeksga ko‘ra, normal ish haftasi davomiyligi 41 soat edi. Uzrli sababsiz uch soatdan ortiq ishda bo‘lmaslik ya’ni “progul” ishdan bo‘shatishga asos bo‘lgan. Yosh mutaxassislarga davlat yo‘llanmasi asosida korxonalarda uch yil ishlab berish majburiyati yuklangan. Shuningdek, mehnat intizomini buzganlik uchun kam haq to‘lanadigan ishga vaqtincha o‘tkazish yoki pastroq lavozimga tushirish jazosi qo‘llanilar edi. Mehnat qilish fuqaroning nafaqat huquqi, balki jamiyat oldidagi burchi sifatida e’tirof etilgan. Xalq xo‘jaligining zarur tarmoqlarini ishchi kuchi bilan ta’minlash maqsadida “uyushgan holda ishchilarni jalb qilish” tizimi amal qilgan.
Milliy Mehnat kodeksiga birinchi qadam
O‘zbekiston 1995-yilda yangi milliy Mehnat kodeksini qabul qilib, sobiq Ittifoq respublikalari orasida milliy mehnat qonunchiligini kodifikatsiya qilgan birinchi davlat bo‘ldi. Keyinchalik Qirg‘iziston va Tojikiston 1997-yilda, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Belarus 1999-yilda, Latviya va Rossiya 2001-yilda, Litva 2002-yilda, Moldova 2003-yilda, Armaniston 2004-yilda, Gruziya 2006-yilda, Estoniya 2008-yilda hamda Turkmaniston 2009-yilda yangi Mehnat kodekslarini qabul qilgan. Ukraina esa sovet davridan qolgan 1971-yilgi Mehnat qonunlari kodeksini uzoq vaqt davomida saqlab qoldi.
Mustaqil O‘zbekiston Mehnat kodeksi sovet qonunchiligidan tubdan farq qildi. Yangi kodeks mehnatni erkin tanlash huquqiga asoslangan munosabat sifatida e’tirof etdi. Majburiy mehnatni taqiqladi. Davlat boshqaruviga asoslangan xo‘jalik tizimidan farqli ravishda, 1995-yilgi kodeks bozor iqtisodiyoti sharoitida turli mulkchilik shaklidagi ish beruvchilar bilan mehnat munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga soldi. Mehnat huquqining markazlashgan-ma’muriy modelidan shartnomaviy-huquqiy himoyaga asoslangan modeliga o‘tildi.
581 modda: O‘zbekiston mehnat huquqidagi yangi davr
2022-yilda qabul qilingan yangi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi mehnat qonunchiligini biznes munosabatlariga moslashtirishga qaratilgan yangi bosqichni boshlab berdi. Mazkur kodeks avvalgi kodeksdan o‘zining hajmi va tartibga solish doirasi bilan sezilarli darajada farq qiladi. Avvalgi Mehnat kodeksi 294 moddadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, yangi Mehnat kodeksi 581 moddani o‘z ichiga olib, mehnat munosabatlarini yanada batafsil va tizimli tartibga solishni nazarda tutadi.
Yangi kodeks biznes vakillariga mehnat shartnomasini unda belgilangan asoslar bo‘yicha bekor qilish imkoniyatini berdi. Xodimlarning ishga tiklash bo‘yicha sudga murojaat qilish muddati uch oygacha, boshqa nizolar bo‘yicha esa olti oygacha uzaytirildi. Mehnat daftarchasi va ish staji to‘liq elektronlashib “Yagona milliy mehnat tizimi”ga integratsiyalandi. Ish staj oshgani sari ishdan bo‘shatish nafaqasi miqdori ko‘payib borish mexanizmi joriy etildi. Mazkur yangiliklar mehnat bozorining moslashuvchanligi, xodim huquqlarini kafolatlash va xalqaro standartlarga asoslangan zamonaviy model evolyutsiyasini ko‘rsatib berdi.
Xulosa
Xulosa o‘rnida, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda mehnat bozori sezilarli darajada kengaydi. Qayd etilishicha, ish bilan band bo‘lganlar soni 1,5 barobar, ya’ni 8,8 milliondan 13,5 million nafargacha, ish beruvchilar soni esa 4,5 barobar, ya’ni 203,2 mingdan 928,9 ming nafargacha oshdi. Bu jarayonlar mehnat munosabatlarining mazmuni va ishtirokchilari tarkibida ham sezilarli o‘zgarishlarni yuzaga keltirdi. Shunday ekan, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, nafaqat yangi milliy mehnat qonunchiligi, balki mehnat munosabatlarini tartibga solishning yangi modeli ham shakllandi. Mazkur model markazlashgan-ma’muriy boshqaruvdan mehnat erkinligi, shartnomaviylik, bozor tamoyillari, ish beruvchi va xodim manfaatlari muvozanati hamda insonning mehnat huquqlarini kafolatlashga asoslangan zamonaviy tizimga o‘tish bilan tavsiflanadi.
Raximov Miryoqub Aktamovich
Toshkent davlat yuridik univeristeti
Tadqiqot markazi rahbari, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent