O‘zbekiston – mintaqada charm-poyabzal mahsulotlarining eng yirik ishlab chiqaruvchisi
Markaziy Osiyoda qayta ishlash sanoatini rivojlantirishda charm-poyabzal sohasi muhim o‘rin tutadi. Soha keng xomashyo bazasini chuqur qayta ishlash, tayyor iste’mol mahsulotlari ishlab chiqarish va bandlikni oshirish uchun imkoniyat yaratadi. 2021-2025-yillarda mintaqa mamlakatlarida ishlab chiqarish turlicha sur’atlarda rivojlandi. Shu bois o‘sib borayotgan bozor sharoitida soha korxonalari mavjud xomashyo bazasidan raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish uchun qay darajada samarali foydalana olishi asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tayyorlangan Markaziy Osiyo mamlakatlarida 2021–2025-yillarda charm-poyabzal sanoatining rivojlanish tendensiyalari tahlilida ishlab chiqarish, eksport va import dinamikasi, ichki bozor holati hamda sohani rivojlantirish va mintaqaviy kooperatsiyani kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Asosan Markaziy Osiyoning 4 ta mamlakati — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda sohaning rivojlanish dinamikasi ko‘rib chiqilgan.
O‘zbekiston mintaqada charm-poyabzal mahsulotlarining eng yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Besh yilda mahsulot ishlab chiqarishning qiymat hajmi real hisobda 22 foizga o‘sib, 2025-yilda 378 mln. dollarga yetdi. Sohaning qayta ishlash sanoatidagi ulushi deyarli o‘zgarmadi va 2020-yildagi 0,53 foizdan 2025-yilda 0,50 foizga tushdi. 2025-yil yakuniga ko‘ra, sohada 782 ta korxona faoliyat yuritgan.
Besh yilda soha mahsulotlari eksporti 6,6 foizga kamayib, 67 mln. dollarni tashkil etdi. Import esa 3,4 barobar oshib, 72 mln. dollarga yetdi. Ichki bozorning hisoblangan hajmi 3,4 barobar ko‘payib, 383 mln. dollarga yetdi, importning ichki bozordagi ulushi 19 foizdan 25 foizga oshdi. O‘zbekiston mintaqadagi eng yirik ishlab chiqaruvchi bo‘lib qolayotganiga qaramay, talab ishlab chiqarishga nisbatan tezroq o‘sdi va yangi ehtiyojlarning bir qismi import hisobiga qoplandi.
2021-2025-yillarda O‘zbekistonda charm-poyabzal sanoatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maqsadli choralar qabul qilindi. Jumladan, charmdan tayyor mahsulotlar va yuqori qo‘shilgan qiymatli boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish loyihalari uchun alohida kredit liniyalari ishga tushirildi, uskunalar xaridi uchun imtiyozli kreditlar taqdim etildi. 16 ta ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonasi tashkil etildi. Klasterlarni tashkil qilish, tozalash inshootlarini qurish, xorijiy brendlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mahsulotlarni sertifikatlash davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Qabul qilingan choralar sohaning biznes va kapital uchun jozibadorligini oshirib, muayyan natijalar berdi. O‘tgan yili charm-poyabzal sanoatiga rekord darajada – 600 mln. dollar investitsiya kiritildi. Bu 2020-yilga nisbatan 8 barobar ko‘p. Investitsiyalar oqimining sezilarli o‘sishi 2026-yilning 7 oyida ishlab chiqarishning 35 foizga ko‘payishida ham aks etdi. Bu mazkur davrda mintaqa bo‘yicha eng yuqori o‘sish sur’atidir.
Qozog‘iston mintaqadagi eng yirik charm-poyabzal mahsulotlari bozori bo‘lib, ichki talab asosan import hisobiga qoplanadi. Mamlakatda ichki ishlab chiqarish hajmi nisbatan kichik bo‘lib, so‘nggi besh yilda soha jiddiy qiyinchiliklarga duch keldi.
Besh yilda charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish real hisobda 9 foizga qisqarib, 2025-yilda 37 mln. dollarni tashkil etdi. Sohada pasayish ikki yil ketma-ket – 2023-2024-yillarda kuzatildi. 2025-yilda esa ishlab chiqarish tiklana boshladi va 16,7 foizga o‘sdi. 2021–2025-yillarda sohaning qayta ishlash sanoatidagi ulushi 0,10 foizdan 0,06 foizga kamaydi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda tashqi savdo ko‘rsatkichlari keskin o‘zgarib turdi. Bu holat tranzit va reeksport oqimlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin va ichki iste’mol hajmini baholashni qiyinlashtiradi. Xususan, eksport bir necha barobar oshgan bo‘lsa, import 2020-yildagi 400 mln. dollardan sal ko‘proq miqdordan, 2023-yilda 1 mlrd. dollardan oshdi, 2025-yilda esa yana 0,5 mlrd. dollargacha kamaydi. 2025-yilda ichki bozorning hisoblangan hajmi qariyb 500 mln. dollarni tashkil etib, 2020-yilga nisbatan 11 foizga o‘sdi. Bozorning asosiy qismi import hissasiga to‘g‘ri keldi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda Qozog‘istonda 2022-2025-yillarga mo‘ljallangan Yengil sanoatni rivojlantirish yo‘l xaritasi amal qildi va unda charm-poyabzal sohasi ham qamrab olindi. Yo‘l xaritasida xomashyo bazasi va qayta ishlashni rivojlantirish, jumladan, ishlov berilmagan terini qayta ishlash hajmini 40 foizgacha oshirish, investitsiyalarni jalb qilish, korxonalar quvvatlaridan foydalanish darajasini va eksportni oshirish, davlat ko‘magini kuchaytirish choralari belgilandi. Shuningdek, soha loyihalari Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi orqali imtiyozli moliyalashtirish va «Biznesning yo‘l xaritasi – 2025» dasturining umumiy vositalaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Umuman, so‘nggi besh yil Qozog‘iston charm-poyabzal sanoati uchun murakkab kechdi. Sohaning asosiy tarkibiy muammosi past raqobatbardoshlik bo‘lib, bu savdo va mahalliy ishlab chiqarish hajmlari o‘rtasidagi katta tafovutda namoyon bo‘ldi. 2025-yilda import hajmi mahalliy ishlab chiqarishdan 13 barobardan ziyod bo‘lgan.
Qirg‘izistonda 2021-2025-yillarda charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish real hisobda 2,2 barobar o‘sib, 7,3 mln. dollarga yetdi. Sohaning qayta ishlash sanoatidagi ulushi kichikligicha qolib, qariyb 0,1 foizni tashkil etdi.
Ko‘rib chiqilayotgan davrning ayrim yillarida eksport va import ko‘rsatkichlari ham keskin o‘zgarib turdi. Bu ko‘p jihatdan tranzit va reeksport oqimlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ichki bozor asosan import hisobiga ta’minlanib, uning hajmi 2025-yilda 169 mln. dollarni tashkil etdi.
Umuman, Qirg‘izistonda charm-poyabzal sanoati sanoat va qayta ishlash sektorining umumiy o‘sishiga nisbatan yuqoriroq sur’atlarda rivojlandi.
Tojikistonda charm-poyabzal sanoati mintaqa mamlakatlari orasida eng yuqori o‘sish sur’atini ko‘rsatdi. 2021-2025-yillarda ishlab chiqarish 2,3 barobar oshgan bo‘lsa-da, soha hajmi hanuz nisbatan kichik. 2025-yilda ishlab chiqarish 16,4 mln. dollarga yetdi. Eksport 2,9 mln. dollardan 2,5 mln. dollarga kamaydi. Sohaning qayta ishlash sanoatidagi ulushi 0,5 foizdan past bo‘lib qoldi.
Tojikiston ichki bozorining 68 foizi import hisobiga ta’minlanadi. Besh yilda import 3 barobar oshib, 30 mln. dollarga yetdi. Bozorning hisoblangan sig‘imi 16 mln. dollardan 44 mln. dollargacha kengaydi. Shu tariqa, Tojikistonda mahalliy ishlab chiqarish o‘sishi xorijdan mahsulot yetkazib berishning yanada yuqori sur’atlarda ko‘payishi bilan kechdi.
2021-2025-yillarda Tojikiston hukumati rivojlanish dasturlari doirasida mahalliy xomashyoni qayta ishlash, poyabzal korxonalarini xomashyo bilan ta’minlash va yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha vazifalar belgiladi va tegishli choralarni amalga oshirdi. Xususan, 2030-yilgacha Sanoatni rivojlantirish strategiyasida teri xomashyosini qayta ishlash hajmini 3,3 barobar, poyabzal ishlab chiqarishni 1,8 barobar oshirish nazarda tutilgan.
Turkmaniston bo‘yicha sohaning rivojlanishini kompleks taqqoslash uchun yetarli va solishtirma statistik ma’lumotlar ochiq manbalarda mavjud emas. Shunga qaramay, rasmiy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda To‘qimachilik sanoati vazirligi korxonalarida charm mahsulotlari ishlab chiqarish 2024-yilga nisbatan 11,4 foizga oshgan. Ochiq ma’lumotlar ko‘rib chiqilayotgan davrda soha mahalliy charm xomashyosini qayta ishlash, poyabzal va charm-galantereya mahsulotlari turlarini kengaytirish hamda xususiy ishlab chiqarishni oshirish hisobiga rivojlanganini ko‘rsatadi. Davlat siyosati import o‘rnini bosish va eksportni ko‘paytirishga qaratilgan.
So‘nggi yillarda mintaqa mamlakatlarida charm-poyabzal sanoatining rivojlanishi turlicha kechdi. 2021-2025-yillarda charm-poyabzal mahsulotlarining jami ishlab chiqarish hajmi o‘sdi, shu bilan birga ishlab chiqarish tobora O‘zbekistonda jamlanib bordi. To‘rt mamlakatning jami ishlab chiqarishida O‘zbekiston ulushi 78 foizdan 85 foizga oshdi. Import mahsulotlarining eng yirik bozori esa Qozog‘iston bo‘lib qoldi.
Barcha mamlakatlarda importning o‘sish sur’atlari ishlab chiqarish dinamikasidan yuqori bo‘ldi. Turkmaniston bo‘yicha «oyna» statistikasi
hisobga olinganda, soha mahsulotlarining jami importi taxminan 525 mln. dollardan 792 mln. dollargacha yoki 50 foizga oshdi. Markaziy Osiyo bozoriga import qilinayotgan charm-poyabzal mahsulotlarining asosiy qismi Xitoydan yetkazib berildi.
2025-yilda mintaqa charm-poyabzal mahsulotlari importining qariyb 63 foizi Qozog‘iston, 21 foizi Qirg‘iziston, 9 foizi O‘zbekiston, 4 foizi Tojikiston va 2 foizi Turkmaniston hissasiga to‘g‘ri keldi. Importning katta qismini poyabzal va poyabzalqismlari tashkil etdi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda mintaqaga poyabzal yetkazib berish hajmi 2020-yildagi 440 mln. dollardan 2025-yilda 540 mln. dollargacha oshdi.
To‘rt mamlakat ichki bozorining hisoblangan sig‘imi 2020-yildagi qariyb 630 mln. dollardan 2025-yilda 1,1 mlrd. dollargacha oshdi. Bunda bozorning ma’lum qismi uchinchi mamlakatlarga reeksport bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ham hisobga olish lozim.
Savdo va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini taqqoslash mamlakatlarning turlicha ixtisoslashganini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda 2025-yilda ishlab chiqarish hajmi importdan besh barobardan ziyod yuqori bo‘lgan bo‘lsa, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda teskari nisbat kuzatildi. Mamlakatlar bo‘yicha eksport dinamikasi ham turlicha bo‘ldi. Shu sababli savdo va ishlab chiqarish hajmlarining umumiy o‘sishi barcha mamlakatlarda yagona eksportga yo‘naltirilgan model shakllanganini anglatmaydi. Umuman, so‘nggi besh yil Markaziy Osiyo charm-poyabzal sanoati uchun oson kechmadi.
Shu bilan birga, besh yillik dinamika Markaziy Osiyo charm-poyabzal sanoatida o‘sish imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatadi. Bunday imkoniyatlar, avvalo, hozirda import hisobiga qondirilayotgan ichki talab bilan bog‘liq.
Bozor va charm xomashyosining mavjudligi o‘z-o‘zidan mahalliy ishlab chiqarishning kengayishini kafolatlamaydi. Sohaning keyingi rivojlanishi korxonalarning xomashyoni chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishi, sifatli butlovchi qismlar va tayyor poyabzal ishlab chiqarishi hamda mintaqa mamlakatlaridagi ishlab chiqaruvchilar bilan sotuv bozorlari o‘rtasida barqaror aloqalarni yo‘lga qo‘ya olishiga bog‘liq.
Terini yig‘ish va saralash tizimini yanada rivojlantirish, unga dastlabki ishlov berish sifatini oshirish va charm korxonalarini modernizatsiya qilish ishlab chiqarish uchun yaroqli material hajmini ko‘paytirish imkonini beradi. Ushbu zanjirning barqaror ishlashi uchun tozalash inshootlari, texnologik standartlarga rioya qilish hamda tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilar talablarini charm yetkazib beruvchilar bilan muvofiqlashtirish ham zarur.
Furnitura, poyabzal detallari va boshqa butlovchi qismlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga ham ehtiyoj mavjud. Ularning mavjudligi mahsulot tannarxiga, buyurtmalarni bajarish muddatiga va modellar qatorini muntazam yangilab borish imkoniyatiga ta’sir qiladi. Ayrim milliy bozorlar hajmining nisbatan kichikligini hisobga olganda, ixtisoslashgan yetkazib beruvchilar uchun bir vaqtning o‘zida mintaqaning bir nechta mamlakatidagi korxonalar bilan ishlash manfaatli bo‘lishi mumkin. Kichik korxonalar uchun yirik buyurtmalarni birgalikda bajarish imkoniyati ham muhim.
Ishlab chiqarishni kengaytirish dizaynni rivojlantirish, texnologlar va ishchi kadrlarni tayyorlash, mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish va sertifikatlash bilan birga olib borilishi lozim. Bu sifatli va zamonaviy mahsulotlar
ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda bozorning yuqori narx segmentlariga kirish imkonini beradi. Shu jihatdan o‘quv maydonchalarini tashkil etish, ishlab chiqaruvchilarning ixtisoslashgan ta’lim muassasalari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish va sinov laboratoriyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadga muvofiq.
Mintaqaviy ishlab chiqarish kooperatsiyasi ham qo‘shimcha imkoniyatlar beradi. Turli mamlakatlardagi korxonalar xomashyoni tayyorlash va charmga ishlov berishdan boshlab, butlovchi qismlar ishlab chiqarish, poyabzal tikish va uni sotishgacha bo‘lgan ishlab chiqarish bosqichlarida o‘zaro hamkorlik qilishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, 2021-2025-yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida charm-poyabzal sanoati turlicha sur’atlarda rivojlandi. Besh yillik ma’lumotlar mahalliy korxonalarni, avvalo, ichki bozor hisobiga rivojlantirish imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatadi. Mintaqada sohani yanada rivojlantirish uchun xomashyoni chuqur qayta ishlash, uskunalarni yangilash, mutaxassislar tayyorlash, butlovchi qismlarni barqaror yetkazib berish, sotuv bozorlarini kengaytirish hamda mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va mintaqaviy bozordagi mavqeni mustahkamlash maqsadida mamlakatlar o‘rtasidagi kooperatsiyani rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
Mohigul Qosimova,
O‘zA