O‘zbekiston-Koreya: kritik minerallar sohasida strategik sheriklik mustahkamlanadi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston-Koreya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat davlat idoralari, soha tashkilotlari va biznes doiralari vakillari ishtirok etib, geologiya, mineral resurslarni o‘zlashtirish va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarish yo‘nalishlaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda jahonda kritik minerallarga bo‘lgan talabning ortishi mazkur sohani iqtisodiy taraqqiyotning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylantiryapti. Zamonaviy elektronika, qayta tiklanuvchi energetika, akkumulyator texnologiyalari, elektromobilsozlik va raqamli sanoatning jadal rivojlanishi ushbu resurslarga ehtiyojni yanada oshirmoqda.
Forumda so‘zga chiqqan tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov mamlakatda kritik minerallar sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va ustuvor vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Aytish joizki, O‘zbekiston geologik salohiyatidan samarali foydalanish bilan birga, sohani zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan. Shu maqsadda, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, resurs bazasini aniq baholash, qazib olish jarayonlariga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda mineral xomashyoni mamlakatning o‘zida chuqur qayta ishlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

–Bugun kritik minerallar global sanoat taraqqiyotining asosiy resurslaridan biriga aylanib bormoqda. Shuning uchun biz uchun faqat xomashyo bazasini kengaytirish emas, balki yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish zanjirini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston bu yo‘nalishda xalqaro sheriklar bilan hamkorlikni kuchaytirish, texnologiyalar transferini kengaytirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Koreya Respublikasi bilan hamkorlik esa sohada innovatsion yondashuvlarni joriy etish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi, – dedi U.Yusupov.
Forum doirasida tomonlar texnologiyalar transferi, geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish va mutaxassislar tayyorlash sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida kritik minerallar sohasida yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik nafaqat resurslardan samarali foydalanish, balki yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirish va uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga ham xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA