O‘zbekiston keng imkoniyatlar mamlakati
O‘zLiDeP Navoiy viloyati Kengashi yoshlar va biznes tuzilmalari bilan ishlash bo‘limi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan “Navoiy Yoshlar Texnoparki” da “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, yurtdoshlarimizning bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashga xizmat qilayotganligini ta’kidladi.
Shu kunlarda respublikamizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligini munosib kutib olish va tantanali ravishda nishonlash uchun har tomonlama qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan joriy yil 27 iyulda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, mazkur qutlug‘ sanaga bag‘ishlab o‘tkazilajak barcha tadbirlar hamda targ‘ibot-tashviqot ishlari “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan holda o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi.
Vatanimiz mustaqillikka erishgandan keyin o‘tgan har bir kunimiz xalqimizning fidokorona mehnati, bunyodkorlik salohiyatining yana bir amaliy namoyoni, erkin, ozod va farovon hayotimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli sifatida yangi tariximiz solnomasiga tom ma’noda yorqin sahifa bo‘lib kirmoqda.


– O‘zbekiston keng imkoniyatlar mamlakati. Bugun yoshlarimizning ta’lim olishlari, yetuk mutaxassis bo‘lib kamol topishlari hamda hayotda o‘z o‘rnini topishlari uchun barcha imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda, – dedi Oliy Majlis huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi, “Navoiy Yoshlar Texnoparki” rahbari Abror Abdug‘aniyev. – Birgina mazkur texnoparkni olsak, bu yerda yoshlarning tahliliy fikrlash, ularni ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatga keng jalb etish, iqtidorli, tashabbuskor yoshlarning intellektual salohiyatini namoyon qilishi va ijtimoiy moslashuvi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Qariyb 8,7 milliard so‘m evaziga bunyod etilgan texnoparkda robototexnika, mexatronika, elektronika, dasturlash tillari, sotsial media marketing, ingliz, rus, xitoy tillari, kompyuter savodxonligi kurslari yo‘lga qo‘yilgan.
Bunday targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha hududlarida tashkil etilib, aholining turli qatlamlari qamrab olinmoqda.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA