O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi qoshida “Blogerlar kengashi” tashkil etildi
Joriy yilning 3-iyun kuni O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan "Loyihalar kuni" taqdimotida “Blogerlar kengashi” tuzish loyihasi ilgari surilgan edi. Unda jurnalistika sohasini rivojlantirish, jurnalistlar va kontent yaratuvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy media muhitida yangi tashabbuslarni hayotga tatbiq etishga qaratilgan qator loyihalar jamoatchilik e’tiboriga havola etilgan edi.
Shu yilning 7-avgust kuni bo‘lib o‘tgan tadbirda Blogerlar kengashi faoliyatiga rasman start berildi.
O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi, taniqli ijodkor Shuhrat Orif blogerlar an’anaviy ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda jamoatchilik fikrini shakllantirish va yangiliklarni tezkor tarqatishda muhim vositaga aylanganini ta’kidladi.

Blogerlar kengashi blogerlarning kasbiy salohiyatini oshirish, media etikasi tamoyillarini keng targ‘ib etish, media savodxonlikni rivojlantirish, yosh blogerlar avlodini shakllantirish, iqtidorli kontent yaratuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, ular uchun tanlovlar, seminar va treninglar tashkil etish, shuningdek, davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda media vakillari o‘rtasida samarali muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida blogerlar, media ekspertlari, jurnalistlar va soha mutaxassislari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etilib, Kengash faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan Kengash faoliyatini takomillashtirish, qo‘shma media loyihalarini amalga oshirish, media savodxonlikni rivojlantirish hamda blogerlarning kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish yuzasidan qator taklif va mulohazalar bildirildi.

Mazkur tashabbus O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining zamonaviy media makonida mas’uliyatli kontent yaratish, soha vakillarining kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda ochiq va konstruktiv muloqot maydonini shakllantirishga qaratilgan izchil faoliyatining mantiqiy davomi hisoblanadi.
N.Usmonova, O‘zA