O‘zbekiston Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rnini yaxshiladi
O‘zbekiston iqtisodiy islohotlar yo‘lida dadil qadam tashlayotgani xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Masalan, “The Heritage Foundation” tomonidan e’lon qilingan 2026-yilgi “Index of Economic Freedom” tahliliga ko‘ra, 60.3 ball to‘plagan mamlakatimizdunyo reytingida 86-o‘ringa ko‘tarildi. Bu ijobiy natija tufayli yurtimiz ilk bor rasman iqtisodiyoti “o‘rtacha erkin” (“moderately free”) davlatlar qatoridan joy oldi.
O‘tgan yilga nisbatan ko‘rsatkichi 2.3 band yaxshilangan O‘zbekistonning joriy ko‘rsatkichi 2026-yilgi jahon o‘rtacha darajasi – 59.9 balldan yuqori.
Ayniqsa, iqtisodiyotimizning savdo va investitsiya uchun ochiqligini aks ettiruvchi yo‘nalishlarda yuqori natijaga erishilgan.
Respublikamizning “Open Markets” mezonidagi “Trade Freedom” ko‘rsatkichi 80.6, “Investment Freedom” reytingi esa 70.0 ballni tashkil etdi:har ikki natija mos ravishda jahon o‘rtacha darajasi – 70.2 va 53.4 balldan baland. Demak, savdo va investitsiya ochiqligi bugungi kunda iqtisodiyotimizning eng kuchli jihatlaridan biriga aylangan. Umuman, xalqaro indekslardagi ijobiy baho asosiy moliyaviy o‘sish sur’ati bilan ham tasdiqlanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, davlatimizning tashqi savdo aylanmasi 2023-yildagi 63.5 milliard dollardan 2025-yil 81.2 milliard dollarga ko‘tarildi. Eksport qiymati 24.9 milliard dollardan 33.8 milliard dollargacha ko‘paydi. Asosiy kapitalga kiritilgan xorijiy investitsiya va kredit miqdori 2023-yildagi 201.7 trillion so‘mdan 2025-yil yakunida 422.1 trillion so‘mga yetdi. 2026-yil tezkor ma’lumoti ham tashqi iqtisodiy faollik yuqori sur’at olganini ko‘rsatmoqda.
Xullas, 2026-yilgi “Index of Economic Freedom” natijasi O‘zbekiston nafaqat reytingdagi o‘rnini yaxshilayotgani, balki savdo, eksport va investitsiya faolligi bo‘yicha ham barqaror o‘sish qayd etayotganini tasdiqlaydi.
G.Sattorova, O‘zA