O‘zbekiston – Gruziya: ikki tomonlama hamkorlik rivojlanishining yangi yo‘nalishlari
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi sheriklik solnomasi ittifoqchilik majburiyatlari yoki tarixiy rishtalar bilan bog‘lanmagan mamlakatlar bir-birida haqiqiy strategik hamkor topa olishiga yorqin misol bo‘la oladi.
Bugun Janubiy Kavkaz davlatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bunday yondashuv Toshkentning tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan izchil siyosatini aks ettiradi. Shu nuqtai nazardan, Janubiy Kavkaz davlatlari O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy o‘sishi, respublikaning transport-logistika imkoniyatlari kengayishi va uning tashqi iqtisodiy salohiyati oshishiga ko‘maklashuvchi muhim sheriklar sifatida ko‘riladi.
Janubiy Kavkaz mintaqasining tobora ortib borayotgan ahamiyati uning Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi tabiiy ko‘prik sifatidagi o‘rni bilan belgilanadi. Xalqaro logistika o‘zgarib, yangi transport-iqtisodiy yo‘nalishlar shakllanayotgan sharoitda bu yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda va O‘zbekistonning mintaqa davlatlari bilan amaliy hamkorlikka qiziqishi tobora ortmoqda.
Ushbu strategiyada yuqori tranzit salohiyati, zamonaviy transport infratuzilmasi hamda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar aloqalarni kengaytirish uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan Gruziya alohida o‘rin egallaydi.
O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar mustaqillikning ilk yillaridayoq o‘rnatilganiga qaramasdan, qariyb yigirma yil davomida munosabatlar sekin rivojlandi: tovar ayirboshlash yiliga 30-50 million dollar oralig‘ida tebranib turdi, oliy darajadagi aloqalar sust, qo‘shma loyihalar esa sanoqli edi.
2017-yildan keyingi davr o‘zaro munosabatlarda tub burilish yasadi. O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ochiqlik hamda mintaqaviy va global iqtisodiy jarayonlarga faol integratsiyalashuv yo‘lidan bordi. Bu strategiya doirasida Janubiy Kavkaz Toshkent uchun muhim tashqi siyosiy yo‘nalishga aylandi. Munosabatlarni tizimli qayta ko‘rib chiqish talab etiladigan sheriklar qatorida Gruziya ham bor edi.
2017-yil sentabr oyida 15 yillik tanaffusdan keyingi ilk oliy darajadagi muloqot bo‘lib o‘tdi. O‘shanda O‘zbekiston Prezidenti Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining navbatdagi sessiyasi doirasida Gruziyaning o‘sha vaqtdagi Bosh vaziri Georgiy Kvirikashvilini qabul qilgan edi. Ushbu uchrashuv hamkorlikni faollashtirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini anglatuvchi muhim siyosiy ishora bo‘lib, barcha darajadagi aloqalarni yanada kengaytirishga zamin yaratdi.
Natijada keyingi yillarda siyosiy hamkorlik izchil mustahkamlanib bordi. Xususan, parlamentlararo, hukumat va tashqi siyosat idoralari rahbarlari o‘rtasida aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, har yili Gruziya va O‘zbekiston bosh vazirlarining rasmiy muzokaralari o‘tkazib kelinmoqda. 2023-yilda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov rasmiy tashrif bilan Gruziyada bo‘ldi. 2025-yilda esa Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze javob tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Prezidenti bilan muzokaralar, shuningdek, hukumat rahbarlari darajasida hamda O‘zbekiston Oliy Majlisining ikkala palatasi rahbariyati bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Siyosiy muloqotning izchil mustahkamlanishi O‘zbekiston-Gruziya aloqalarining bosqichma-bosqich rivojlanishi uchun mustahkam institutsional poydevor shakllantirish imkonini berdi. Bu jarayonda Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya hal qiluvchi o‘rin tutadi. Uning faoliyati erishilgan kelishuvlarni amalda tatbiq etish, mavjud to‘siqlarni bartaraf qilish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqishga qaratilgan.
Mavjud sheriklik mexanizmlarining samaradorligi asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarning barqaror ijobiy sur’ati bilan tasdiqlanadi. Bu, eng avvalo, o‘zaro savdo hajmida o‘z aksini topmoqda. So‘nggi 9 yilda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga o‘sib, 2025-yilda 267 million dollardan oshdi. Taqqoslash uchun, 2017-yilda bu ko‘rsatkich atigi 89,1 million dollarni tashkil etgan. Savdo munosabatlarining eng yuqori darajasi 2024-yilga to‘g‘ri keldi. O‘sha yili savdo aylanmasi oldingi yilga nisbatan qariyb 50 foizga o‘sib, rekord daraja – 326 million dollarga yetdi.
E’tiborlisi, o‘sish nafaqat savdo hajmining ortishi, balki uning tarkibini diversifikatsiya qilish hisobiga ham ta’minlanmoqda. Agar ilgari tovar aylanmasi ayrim turdagi mahsulotlardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda savdo nomenklaturasi bosqichma-bosqich kengayib bormoqda. O‘zbekiston Gruziyaga sanoat tovarlari (rangli metallar, mis sim, elektrotexnika uskunalari), oziq-ovqat (dukkaklilar, mevalar, tamaki), kimyo mahsulotlari (polimerlar) yetkazib bermoqda. Gruziya esa, o‘z navbatida, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, farmatsevtika, qurilish materiallari va metall buyumlarini eksport qilyapti.
Ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining investitsiyaviy faolligi savdo-iqtisodiy hamkorlik kengayayotganining muhim ko‘rsatkichiga aylandi. Bu qo‘shma korxonalarning soni ortayotganida namoyon bo‘lmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda Gruziya kapitali ishtirokida 100 ga yaqin korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, Gruziyada 140 dan ortiq o‘zbek kompaniyasi ish olib bormoqda. Bu ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch darajasi ortib borayotgani, ular har ikki davlat bozorida uzoq muddatli faoliyat olib borishdan manfaatdor ekanini ko‘rsatadi.
Iqtisodiy hamkorlikda ijobiy sur’at saqlanib qolayotgan ekan, demak, savdo modelidan yanada chuqurroq ishlab chiqarish va investitsiyaviy kooperatsiyaga o‘tish uchun zarur shart-sharoitlar mavjud, deyishga barcha asoslarimiz bor. Bunda iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiruvchi afzalliklarga ega bo‘lgan to‘qimachilik sanoati, agrosanoat majmuasi, oziq-ovqat ishlab chiqarish, farmatsevtika, qurilish sanoati va xizmat ko‘rsatish sohalari eng istiqbolli yo‘nalishlar bo‘lishi mumkin.
Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Yevropa o‘rtasida transport-logistika aloqalari kengayishi O‘zbekiston-Gruziya munosabatlarining asosiy o‘lchovlaridan biridir. Aynan ushbu yo‘nalishda ikki davlat manfaatlari o‘zaro eng uyg‘un tarzda birlashadi.
O‘zbekiston uchun Yevropa bozorlariga chiqishda Gruziya transport infratuzilmasidan foydalanish alohida qiziqish uyg‘otadi. Poti va Batumi portlari ushbu logistika zanjirining muhim bo‘g‘inlari hisoblanadi. Gruziya uchun esa O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlaridan keladigan yuk oqimining ortishi Osiyo davlatlari bilan savdo aloqalarini kengaytirish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi mutaxassislariga ko‘ra, ikki tomonlama yuk tashishda ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi umumiy yuk tashish hajmi 146,8 ming tonnaga yetdi. Bunda eksport tashuvlari 27 foizga – 53,4 ming tonnagacha, import tashuvlari esa 26 foizga o‘sib, 71,5 ming tonnani tashkil etdi.
Shu ma’noda, O‘rta yo‘lakni rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda u marshrutlarni diversifikatsiya qilish va xalqaro savdoni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochadigan, Yevroosiyoning eng istiqbolli transport bo‘g‘inlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Birgina so‘nggi besh yil ichida O‘zbekistonning ushbu yo‘nalish bo‘yicha tashqi savdo yuk tashish hajmi ikki barobarga oshib, 2025-yil yakuniga ko‘ra 1,2 million tonnaga yetdi.
O‘zbekiston va Gruziyaning mazkur yo‘nalishdagi hamkorligi mavjud transport infratuzilmasidan bazaviy foydalanish bosqichidan o‘z logistika bazasini yaratishga o‘tmoqda. Bunga O‘zbekiston tomonidan Poti erkin sanoat zonasida ko‘p tarmoqli logistika terminali qurilayotgani yaqqol misol bo‘la oladi. Loyiha doirasida qariyb 30 gektar maydonda konteyner, umumiy, sochma va tez ayniydigan tovarlar kabi turli toifadagi yuklar bilan ishlashga mo‘ljallangan zamonaviy omborxona majmuasini barpo etish rejalashtirilmoqda.
Loyiha hayotga tatbiq etilsa, O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa yo‘nalishida yetkazib berishni ta’minlash uchun muhim logistika bo‘g‘inini yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shu bilan birga, terminal teskari yuk oqimlarini tashkil etish uchun ham foydalaniladi va bu nafaqat O‘zbekiston bilan Gruziya, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan ham savdo hajmini oshirishga yordam beradi.
Aynan transport-logistika sohasidagi sheriklik yaqin yillarda O‘zbekiston-Gruziya munosabatlarining asosiy drayveriga aylanish uchun eng katta salohiyatga ega. Agar hozirgi bosqichda tomonlar savdo va infratuzilmani yangilashga e’tibor qaratayotgan bo‘lsa, uzoq muddatli istiqboldagi maqsad Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Yevropa bozorlari o‘rtasida to‘laqonli iqtisodiy yo‘lak yaratishdan iborat.
Ushbu yirik yo‘nalishlarning rivojlanishi bilan birga, odamlar o‘rtasidagi aloqalar ham mustahkamlanib bormoqda. So‘nggi yillarda ikki mamlakat fuqarolarining sayyohlik safarlariga o‘zaro qiziqishi sezilarli darajada ortdi. Toshkentdan Tbilisi va Batumiga haftasiga 13 marotaba to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilayotgani natijasida Gruziyaga borayotgan o‘zbekistonlik sayyohlar soni 2025-yilda 21,5 ming nafardan ortdi.
O‘z navbatida, Samarqand, Buxoro, Xiva va mamlakatimizning boshqa qadimiy shaharlaridagi noyob madaniy meros bilan tanishishni istagan gruziyalik sayyohlarda ham O‘zbekistonga qiziqish tobora ortmoqda. So‘nggi 7 yil ichida Gruziyadan O‘zbekistonga sayyohlar oqimi 2,5 barobardan ziyodga o‘sib, 2019-yildagi 3 ming kishidan 2025-yilga kelib 6,8 ming kishiga yetdi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanish bosqichida turibdi. Agar bundan o‘n yil avval hamkorlik asosan diplomatik va cheklangan savdo aloqalaridan iborat bo‘lgan bo‘lsa, bugun, ko‘rib turganimizdek, siyosiy, iqtisodiy, transport va gumanitar sohalarni qamrab oluvchi sheriklikning yangi formati shakllanmoqda.
Hamkorlikning xalqaro iqtisodiyot va logistikadagi katta o‘zgarishlar sharoitida ro‘y berayotgani alohida ahamiyat kasb etadi. Osiyo va Yevropa o‘rtasida yangi transport yo‘nalishlari shakllanayotgan bir paytda O‘zbekiston va Gruziya ob’ektiv jihatdan yagona o‘zaro bog‘liqlik makonining muhim elementlariga aylanmoqda.
O‘rta muddatli istiqbolda bu salohiyatning ro‘yobga chiqishi tomonlarning siyosiy irodani iqtisodiy manfaatdorlik bilan mustahkamlashga qay darajada tayyor ekaniga bog‘liq bo‘ladi. Bunday yondashuv O‘zbekiston va Gruziya sherikligini yangi amaliy mazmun bilan to‘ldirib, pragmatizm, o‘zaro ishonch va barqaror rivojlanish yo‘lidagi umumiy intilishga asoslangan hamkorlikning mustahkam modelini yaratishga imkon beradi.
Miraziz Mirumarov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti
yetakchi ilmiy xodimi