O‘zbekiston gilamlari xorijni zabt etmoqda
“Navoiy ishonch gilam” korxonasi mahsulotlari bejirimligi, yuqori sifatliligi va o‘ziga xos dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Ishlab chiqarish hajmi yildan yilga oshib eksport salohiyati yuksalmoqda. Birgina joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida 17 ming kvadrat metr mahsulot xorijga eksport qilingani bunga yaqqol misoldir.
“O‘zmilliybank” AJ tomonidan Navoiy viloyatida faoliyat olib borayotgan bir qator ishlab chiqarish korxonalariga uyushtirilgan press-turda bu alohida e’tirof etildi.
“Navoiy ishonch gilam” korxonasi 2003 yilning may oyida faoliyat boshlagan. Korxonada Yevropa standartlari asosida zamonaviy gilamlar ishlab chiqariladi. Ayni paytda korxonani texnologik modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda “O‘zmilliybank” AJ tomonidan ajratilgan 288 million so‘m miqdoridagi kredit mablag‘i qo‘l keldi. Mazkur mablag‘ evaziga korxona yuk tortuvchi va tirkama sotib olgan.
[gallery-4489]
– Korxonamizda 3, 3,5 va 5 metr uzunlikdagi turli ko‘rinishdagi gilamlar ishlab chiqarilib, mahsulotlar nafaqat yurtimiz bozorlarida sotiladi, balki, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon davlatlariga eksport qilinadi, – deydi korxona marketing bo‘limi mutaxassisi Munisa Rustamova. – Birgina joriy yilning 9 oyi mobaynida 17 ming kvadrat metr mahsulot eksport qilindi. Ayni paytda korxonada mahsulotlar dizayniga alohida e’tibor qaratilib 5 nafar xodim mijozlar talabiga ko‘ra ish olib bormoqda. Hozirda korxonada 500 xil ko‘rinishdagi gilamlar dizayni mavjud.
Dastlab gilam ishlab chiqarish sexi bilan faoliyatini boshlagan korxonada bugungi kunda gilamlarni kimyoviy tozalash sexi, temirbeton binolar va qurilishlarga mo‘ljallangan plitalar, polietilen quvurlar ishlab chiqarish sexlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
– Polietilen quvurlar ishlab chiqarish sexida 24 nafar ishchi 3 smenada mehnat qiladi, – deydi ish ustasi Behruz Akramolganov. – Xitoy texnologiyasi asosida jihozlangan sexda 6 metr uzunlikdagi 16 diametrdan 630 diametrgacha bo‘lgan polietilen quvurlar tayyorlanadi. Mahsulotlar yurtimizning barcha hududlariga yetkazib beriladi.
Mazkur qorxonada ishchi-xodimlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. bugungi kunda korxonada 200 dan ortiq ishchi-xodim mehnat qiladi. Quvonarlisi, ularning barchasi mahalliy aholi vakillari bo‘lib, 70 foizi yoshlardan iborat.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov, O‘zA