O‘zbekiston – Germaniya: ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqboli
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida ta’lim, ilm-fan sohasidagi hamkorlik yangi, amaliy bosqichga chiqdi. Bu aloqalar milliy tizimni qanday o‘zgartiradi, yoshlarga xalqaro miqyosda qanday yangi imkoniyatlar eshigini ochadi?
O‘zbekiston va Germaniya ko‘p yillik munosabatlari tarixida ta’lim va ilm-fan sohasi har doim strategik ahamiyat kasb etgan. Ayniqsa so‘nggi yillarda bu jarayon mutlaqo yangi, amaliy bosqichga ko‘tarildi. Mamlakatimiz yoshlari xalqaro standart asosida bilim olishi uchun yaratilayotgan sharoitlar Germaniya ilmiy doiralarida alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Buning samarasi ikki davlat oliy o‘quv yurtlari integratsiyalashuvi jarayonida yaqqol namoyon.
Xususan, Geologiya fanlari universitetida Germaniyaning Saksoniya federal yeri oliygohlari vakolatxonasi ochilishi yoki Germaniyada o‘qish niyatini bildirgan yoshlar uchun yurtimizda kasbiy va til bo‘yicha maxsus tayyorlov kurslari tashkil etilishi tog‘-kon, mashinasozlik, materialshunoslik, geoekologiya kabi muhim sohalarda xalqaro miqyosdagi professional kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Germaniya akademik almashinuv xizmati (DAAD) hamda Gyote institutining qo‘llab-quvvatlashi tufayli o‘zbekistonlik talabalar va yosh olimlar har yili Yevropaning yetakchi universitetlarida malaka oshirish va qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarida ishtirok etish imkoniga ega bo‘lmoqda.
Muvaffaqiyatli sheriklik jarayonida Germaniya ta’lim tizimining eng ilg‘or jihatlarini o‘zlashtirib, respublikamiz milliy ta’lim modeliga tatbiq etish alohida ahamiyat kasb etadi. Bu borada o‘zlashtirilishi zarur asosiy tajriba GFRning dunyoga mashhur dual ta’lim tizimi – “Duale Ausbildung” hisoblanadi. Mazkur tashabbus asosida talaba haftaning bir qismida universitetda nazariy bilim olsa, qolgan kunlari bevosita korxonada ishlab, amaliy ko‘nikma egallaydi.
Shunday tizimni mamlakatimizda keng joriy etish oliy ta’lim maskanlari bitiruvchilarining bandlik muammosini tubdan hal qilishga yordam beradi. Bundan tashqari Germaniyadagi faqat amaliyot va loyihalarga yo‘naltirilgan Amaliy fanlar universitetlari – “Fachhochschule” modelini joriy qilish orqali quruq ma’ruzadan voz kechib, muhandislik va axborot texnologiyalari sohalarida dars to‘liq laboratoriyaga ko‘chiriladi. Qolaversa, olmon universitetlarida yo‘lga qo‘yilgan ilm-fan va biznes integratsiyasi, ya’ni yirik sanoat korxonalari buyurtmasi asosida ilmiy tadqiqot o‘tkazish hamda talabalarga dars jadvali va yo‘nalishini mustaqil tanlash imkonini beruvchi akademik erkinlik tamoyilini o‘zlashtirish O‘zbekiston ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish va yuqori intellektual salohiyatga ega, mustaqil fikrlaydigan mutaxassislar yetishtirishga xizmat qiladi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA