“O‘zbekiston – Germaniya”: o‘zaro kelishuvlar amaliy natijalarga aylanganda
Mamlakatimizda tibbiyot tizimini yanada takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni keng joriy etish hamda xalqaro aloqalarni mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday ezgu sa’y-harakatlarning davomi sifatida poytaxtimizda “O‘zbekiston – Germaniya” III tibbiyot forumi o‘tkazildi.
Ikki davlat yetakchi tibbiyot muassasalari vakillari, olimlar va soha ekspertlari ishtirokidagi tadbirda zamonaviy tibbiyotning eng dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari, kasalliklarni davolashning ilg‘or usullari, tibbiy ta’lim sifatini oshirish hamda o‘zaro ilmiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Anjuman doirasida o‘tkazilgan panel sessiyalarida mutaxassislar so‘nggi yillarda O‘zbekistonda tibbiy xizmatlarni rivojlantirish borasida erishilgan yutuqlar hamda to‘plangan boy tajriba bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, germaniyalik hamkasblar bilan birgalikda zamonaviy yuqori texnologik uskunalarni amaliyotga joriy etish, mutaxassislarning malakasini oshirish hamda kelgusida qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi.

Anjumanda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda xalqaro «Gustave Roussy International Uzbekistan» tibbiyot markazi mutaxassislari ham ishtirok etdi.
– Bu kabi keng miqyosdagi xalqaro muloqotlar mamlakatimiz tibbiyotida ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish, professional kasbiy aloqalarni mustahkamlash hamda eng muhimi, bemorlarga ko‘rsatilayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi, – dedi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori Bekzod Usmonov. – Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi oldida sohani raqamlashtirish, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni aholiga yanada yaqinlashtirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va zamon talablariga javob beradigan kadrlarni tayyorlash kabi muhim vazifalar turibdi. Bu borada dunyoning rivojlangan mamlakatlari, jumladan, Germaniya eng ishonchli hamkorlardan hisoblanadi.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan mazkur forum ana shu ko‘p qirrali sheriklikni yangi mazmun bilan boyitishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Anjumanda ikki mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullari, yetakchi universitet klinikalari, ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari ishtirok etdi. Qayd etilganidek, Germaniyaning KfW banki bilan birgalikda tibbiyot markazlarini modernizatsiya qilish, sohani raqamlashtirish va tibbiy ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

– Avvalgi yillardagi kelishuvlar endilikda amaliy natijalarga aylanmoqda. Jumladan, uch guruhga bo‘linib, O‘zbekistonning turli hududlarida, jumladan Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida bo‘lib, mahorat darslari va qo‘shma operatsiyalarda ishtirok etdik, – dedi Sharite universiteti klinikasi professori Helmut Xan.
Shuningdek, qayd etilganidek, Germaniyaning Frayburg, Haydelberg hamda Lyubek universitetlari bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ko‘plab shifokorlar xorijda malaka oshirib qaytmoqda va klinikalarda sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etilmoqda.
Forum doirasida infeksion kasalliklarning oldini olish, yuqori texnologik xirurgiya hamda o‘zbekistonlik hamshiralar uchun Germaniyada munosib mehnat sharoitlarini yaratish masalalariga bag‘ishlangan maxsus shu’ba yig‘ilishlari ham o‘tkazildi. Anjuman yakunida yurtimiz va Germaniyaning qator yetakchi tibbiyot muassasalari hamda oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan memorandumlar imzolandi.
Mohigul Qosimova, O‘zA