O‘zbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti Osiyo Fanlar akademiyasi anjumanida ishtirok etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Shavkat Ayupov Osiyo Fanlar akademiyasi (OFA) Bosh assambleyasi hamda “Bir makon, bir yo‘l: umumiy ilmiy-texnologik kelajakni birgalikda shakllantirish” mavzusidagi Birinchi Osiyo yuqori darajadagi ilmiy forumida ishtirok etmoqda.
Mazkur xalqaro tadbirlar Osiyo mamlakatlari fanlar akademiyalari rahbarlari, yetakchi olimlar, universitetlar va ilmiy tashkilotlar vakillarini birlashtirib, ilmiy-texnologik taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari, xalqaro hamkorlik istiqbollari hamda zamonaviy global muammolarga ilmiy yechimlar ishlab chiqish masalalarini muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
OFA Bosh assambleyasi doirasida tashkilot faoliyatiga oid muhim masalalar, yangi a’zolarni saylash, rahbar organlar tarkibini shakllantirish, diplom va ko‘krak nishonlarini topshirish hamda tegishli tashkiliy qarorlarni ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Tantanali marosimda Sh.Ayupovga Osiyo Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti va akademigi maqomlarini tasdiqlovchi sertifikatlar, shuningdek, jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun maxsus mukofot topshirildi.
Forum dasturidan yangi texnologiyalar, tabiiy xavflar, ekologik muammolar va ilmiy-amaliy xalqaro munosabatlarga bag‘ishlangan tematik sessiyalar hamda davra suhbatlari o‘rin oldi.
Ularda turli mamlakatlar olimlari sun’iy intellekt va robototexnologiyalar, ekologik muammolarni hal etish, shaharlarning seysmik xavfsizligini ta’minlash, tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish va mintaqaviy ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Muhokamalar zamonaviy ilm-fan oldidagi murakkab vazifalarni hal etishda fanlararo yondashuv, ilg‘or texnologiyalar va xalqaro tajriba almashinuvi muhim ahamiyat kasb etishini yana bir bor namoyon etdi. Tashrif doirasida xalqaro ilmiy hamjamiyat vakillari bilan uchrashuv va muzokaralar ham o‘tkazilib, ilmiy tashkilotlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, istiqbolli qo‘shma tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish hamda yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash masalalari muhokama qilindi.
N.Rahmonova,
O‘zA