O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyo toza energiya forumida ishtirok etdi
Bugungi kunda dunyo miqyosida energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish hamda “yashil” iqtisodiyot tamoyillariga o‘tish masalalari davlatlar energetika siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Shu sababli, Osiyo va Tinch okeani mintaqasida energiya xavfsizligini ta’minlash hamda zamonaviy, tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xalqaro hamkorlik izchil kengayib bormoqda.
Filippinning Manila shahrida bo‘lib o‘tgan “Osiyo toza energiya forumi-2026” (ACEF) ham sohadagi ana shunday eng yirik xalqaro muloqot maydonlaridan biri sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu nufuzli forum doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi vakillari ham faol ishtirok etib, sohaga oid ilg‘or tajribalar, innovatsion yondashuvlar hamda energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xalqaro muhokamalarda qatnashdi. Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov ham ishtirok etdi.
Mazkur forum Osiyo taraqqiyot bankining 60 yillik faoliyati doirasida o‘tkazilayotgan nufuzli xalqaro tadbirlardan biri bo‘lib, u Osiyo va Tinch okeani mintaqasida toza, xavfsiz va barqaror energetika tizimlarini rivojlantirish masalalarini ilgari surishga xizmat qiladi.
Unda hukumat vakillari, xalqaro moliya institutlari, xususiy sektor, ilmiy doiralar hamda rivojlanish bo‘yicha hamkor tashkilotlar ishtirok etib, energetika sohasidagi yangi imkoniyatlar va istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, toza energetikaga o‘tish jarayonlarini jadallashtirish, energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish hamda raqamli texnologiyalar asosida “aqlli energetika” tizimlarini joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Agentlikka ko‘ra, ushbu tadbirda ishtirok etish O‘zbekistonning energetika sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda “yashil”energetika yo‘nalishidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA