O‘zbekiston CMS COP15 doirasida Markaziy Osiyo sutemizuvchilarini asrash tashabbusini taqdim etdi
CMS COP15 doirasida Braziliyaning Kampu-Grandi shahrida O‘zbekiston tomonidan “Markaziy Osiyo sutemizuvchilari tashabbusi: Yaylovlar va chorvachilik xalqaro yili doirasida quruqlikdagi sutemizuvchilarni muhofaza qilishni kuchaytirish” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi Markaziy Osiyoda ko‘chib yuruvchi sutemizuvchilarni asrash bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, Markaziy Osiyo sutemizuvchilari tashabbusi (CAMI)ni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish hamda turlar va ularning yashash muhitini asrash bo‘yicha yangi yondashuvlarni taqdim etishdan iborat bo‘ldi.

Unda mamlakatning mintaqaviy ekologik kun tartibi ilgari surilib, CMS doirasida transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirishdagi yetakchi roli namoyon etildi.
CMS ijrochi kotibi Amu Frankel va Yovvoyi tabiatni muhofaza qilish jamiyati vitse-prezidenti Susan Liberman Sami bioxilma-xillikni saqlash borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtiruvchi muhim mintaqaviy mexanizm ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston nomidan asosiy ma’ruzachi sifatida Zarafshon milliy tabiat bog‘i ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Natalya Marmazinskaya chiqish qildi. U o‘z nutqida 2026–2032-yillarga mo‘ljallangan CAMI ish dasturini taqdim etdi.
Dastur hududiy yondashuvga asoslangan bo‘lib, ustuvor transchegaraviy tabiatni muhofaza qilish hududlarini belgilashni nazarda tutadi.
Tadbirda O‘zbekistonning amaliy natijalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Buxoro bug‘usining populyatsiyasi tiklangani qayd etildi. Uning soni 2015-yildagi taxminan 2780 boshdan 2025-yilga kelib 5000 boshdan oshgan. Bu esa muhofaza qilish, monitoring va populyatsiyani boshqarish bo‘yicha izchil choralar samarasidir.
Shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston tomonidan yo‘l-yo‘l sirtlonni CMSning I va II ilovalariga kiritish bo‘yicha qo‘shma tashabbus taqdim etildi. Mutaxassislarga ko‘ra, ushbu turning soni 10 ming boshdan kam. Uni saqlab qolish uchun xalqaro hamkorlik zarur.
Panel muhokamasi doirasida xalqaro ekspertlar yaylovlardan barqaror foydalanish masalalari va uning sayg‘oq kabi ko‘chib yuruvchi turlarni saqlashga ta’sirini muhokama qildi. Shuningdek, bioxilma-xillikni saqlash sohasida global siyosatni kuchaytirish zarurligi aytildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA