O‘zbekiston boks terma jamoasi jahon kubogining ikkinchi bosqichida qatnashadi
Musobaqaning hal qiluvchi final bosqichi joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Joriy yilning 15–20-iyun kunlari Xitoyning Guyyan shahrida “World Boxing” tashkiloti tomonidan tashkil etiladigan jahon kubogining ikkinchi bosqich bahslari bo‘lib o‘tadi. Mazkur musobaqada O‘zbekiston erkaklar va ayollar terma jamoalari to‘liq tarkibda ishtirok etadi.
Shuni ta’kidlash lozimki, jahon kubogi uch bosqichda o‘tkazilayotgan bo‘lib, dastlabkisi aprel oyida Braziliyada tashkil etilgan. Unda dunyoning 49 mamlakatidan 400 nafar ishtirokchi g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Terma jamoamiz vakillari ushbu bosqichda 4 nafar bokschi bilan qatnashib, 2 oltin va 1 bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ma’lumot o‘rnida, jahon kubogining hal qiluvchi final bosqichi joriy yilning noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkaziladi.
Jahon kubogining ikkinchi bosqichida yurtimiz sharafini quyidagi bokschilar himoya qiladi:
Erkaklar: Asilbek Jalilov (-50 kg), Samandar Olimov (-55 kg), Abdumalik Xalakov (-60 kg), Mirkomil Saitoxunov (-65 kg), Shavkatjon Boltayev (-70 kg), Javohir Abdurahimov (-75 kg), Javohir Ummataliyev (-80 kg), Akmaljon Isroilov (-85 kg), To‘rabek Habibullayev (-90 kg), Arman Maxanov (+90 kg).

Ayollar: Farzona Fozilova (-48 kg), Feruza Kazakova (-51 kg), Aziza Yoqubova (-54 kg), Nigina O‘ktamova (-57 kg), Sitora Turdibekova (-60 kg), Rayhona Qurbonboyeva (-70 kg), Aziza Zokirova (-75 kg), Ruxshona Parpiyeva (-80 kg), Oltinoy Sotimboyeva (+80 kg).

Terma jamoaga bosh murabbiy To‘lqin Qilichev rahbarlik qiladi. Murabbiylar shtabi tarkibidan Xuan Enrike Steyners, Rahmatjon Ro‘zioxunov, Akmal Hasanov va Davron G‘afurov o‘rin olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA