O‘zbekiston – Belarus: strategik sheriklikning yangi iqtisodiy formulasi
Ta’kidlash kerakki, sherik davlatlar bilan munosabatni oddiy savdo doirasidan sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma ishlab chiqarish bosqichiga olib chiqish O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatining muhim xususiyatiga aylandi. Jarayon mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqasini diversifikatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarish va texnologik mustaqillikni kuchaytirishga qaratilgan islohot bilan bevosita bog‘liq.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi ana shu siyosatning mantiqiy davomi sifatida e’tibor qozondi. Minskda o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokara, hukumatlararo uchrashuv va hududlar forumi ikki mamlakat munosabatida navbatdagi hamkorlikning yangi iqtisodiy modeli shakllanayotganini namoyon qildi. Bu yerda tabiiy savol tug‘iladi. Nega O‘zbekiston uchun aynan Belarus strategik ahamiyat kasb etmoqda?
2017-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi hozirgi ko‘rsatkich bilan taqqoslaganda bir necha barobar kam edi. Oradan sakkiz yil o‘tib, 2025-yil yakuniga kelib o‘zaro savdo hajmi 5,3 barobar o‘sib, 965 million dollarga yetdi. Shu davrda O‘zbekiston eksporti qariyb 7 barobarga oshib, 186,5 million dollarni tashkil qildi. Belarus investitsiyalarining yillik hajmi 76,5 million dollardan, jami jalb qilingan sarmoyalar esa 170 million dollardan oshdi.
Yetakchilar muzokaralarida qayd etilganidek, so‘nggi besh yilning o‘zida tovar aylanmasi qariyb uch barobar o‘sdi va joriy yilning birinchi yarmida yana 30 foiz o‘sish qayd etildi. Endi tomonlar oldiga 2 milliard dollarlik yangi marra qo‘yilmoqda. Bugungi hamkorlikning asosini tayyor mahsulotlar savdosi emas, qo‘shma ishlab chiqarish, sanoat kooperatsiyasi va investitsiya loyihasi tashkil etmoqda. Ikki davlat hududida qurilgan qo‘shma zavod, mahalliylashtirilgan ishlab chiqarish yoki texnologiya transferi uzoq muddatli iqtisodiy munosabatni shakllantiradi.
Belarus Respublikasining yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksandr Ogorodnikov ham bu jarayonni tavsiflar ekan, ikki mamlakat iqtisodiyoti bir-biri bilan raqobat qilmasdan, aksincha, o‘zaro to‘ldirishini ta’kidladi. Uning fikricha, Belarus mahsuloti O‘zbekiston bozorida, O‘zbekiston tovari esa Belarus bozorida yangi ishlab chiqarish va kooperatsiya imkoniyatini yaratadi.
Nega hamkorlik markazida mashinasozlik turibdi?
O‘zbekiston va Belarus iqtisodiy munosabatlarini boshqa ko‘plab ikki tomonlama aloqalardan ajratib turadigan asosiy xususiyat shundaki, bugun hamkorlikning markazida savdo emas, sanoat kooperatsiyasi turibdi.
O‘lkamiz iqtisodiyotini rivojlantirish strategiyasida mahalliylashtirish darajasini oshirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish va eksportbop sanoatni kengaytirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Bu maqsadga erishish uchun esa tayyor mahsulot import qilishning o‘zi yetarli emas. Mamlakatga texnologiya, muhandislik yechimlari va zamonaviy ishlab chiqarish madaniyati kerak. Belarus bilan hamkorlik shu ehtiyojga javob berayotgani bilan ahamiyatli.
Buni amalga oshirilayotgan loyihalar tarkibidan ham ko‘rish mumkin. Bugun ikki mamlakat traktor, kabel mahsulotlari, karer texnikasi, parrandachilik uskunalari, dori-darmon va elektrotexnika mahsulotlarini birgalikda ishlab chiqarmoqda. Bu ro‘yxat yil sayin kengayib bormoqda. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi texnikasi sohasidagi kooperatsiya ikki davlat munosabatlarining o‘ziga xos modeliga aylandi. O‘zbekistonda Belarus traktorini yig‘ish yo‘lga qo‘yildi, endi esa ularni mahalliylashtirish bosqichi boshlanmoqda. Birinchi bosqichda asosiy qiymat import qilinadigan butlovchi qismlarda saqlanib qolsa, mahalliylashtirish mahalliy sanoatni, kooperatsiya zanjirini va muhandislik salohiyatini rivojlantiradi. Bu esa mamlakat ichida yangi ishlab chiqarish quvvatlari, malakali kadr va qo‘shimcha qiymat shakllanishini anglatadi.
A.Ogorodnikov ham munosabatlarning aynan shu jihatiga urg‘u beradi. Uning ta’kidlashicha, ikki mamlakat rahbarlari texnologik suverenitetni mustahkamlash vazifasini ustuvor yo‘nalish sifatida belgilagan. Shu bois hamkorlikning asosiy qismi texnologiyalar va qo‘shma ishlab chiqarishga qaratilmoqda. Dunyo iqtisodiyotida texnologiyaga egalik raqobatbardoshlikning asosiy omillaridan biriga aylandi. Zamonaviy texnologiyalarni sotib olish mumkin, ammo ularni ishlab chiqarish zanjiriga integratsiya qilish, mahalliy muhandislik maktabini shakllantirish va milliy kadrlar tayyorlash uzoq muddatli hamkorlikni talab qiladi.
Hamkorlikning yangi drayveri
Mamlakatlarimiz munosabatlarida kuzatilayotgan yana bir muhim tendensiya iqtisodiy hamkorlikning markazdan hududlarga siljishidir. O‘zgarish ikki mamlakat iqtisodiy munosabatining butun falsafasi o‘zgarayotganidan dalolat beradi. Yirik investitsiya bitimlari davlat rahbarlari darajasida imzolanadi, ularning haqiqiy natijasi esa hududlarda namoyon bo‘ladi. Yangi zavod quriladi, ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, mahalliy korxonalar xalqaro kooperatsiya zanjiriga qo‘shiladi.
Shu bois ham Prezident Sh.Mirziyoyevning Minskka tashrifi doirasida o‘tkazilgan III O‘zbekiston – Belarus hududlari forumi rasmiy tadbir emas, balki iqtisodiy kun tartibining asosiy qismiga aylandi. Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida 14 ta hamkorlik hujjati imzolandi, 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan o‘zaro tashriflar jadvali tasdiqlandi hamda umumiy qiymati 164 million dollarlik yettita investitsiya loyihasiga start berildi.
Yangi loyihalarning deyarli barchasi qayta ishlash sanoatiga qaratilgan. Andijonda trikotaj matosini bo‘yash va quritish bo‘yicha ishlab chiqarish majmuasi tashkil etilmoqda. Toshkent viloyatida parrandachilik klasteri, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va shok usulida muzlatish kompleksi barpo etilmoqda. Farg‘ona viloyatida esa mevalarni chuqur qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda.
Belarus elchisi Aleksandr Ogorodnikov ham aynan shu omilga e’tibor qaratadi. Uning ta’kidlashicha, kelgusida asosiy e’tibor poytaxtlar darajasidagi munosabatlarga emas, hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklikni rivojlantirishga qaratiladi. Chunki mahalliy biznes iqtisodiy hamkorlikning eng faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Bugun O‘zbekistonda Belarus kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 250 tadan oshgan. Ular mamlakatning turli hududlarida faoliyat yuritmoqda. Shu tariqa ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik markazlashgan modeldan bosqichma-bosqich hududiy kooperatsiya modeliga o‘tmoqda.
Agrar sohadagi hamkorlik
O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlik haqida gap ketganda ko‘pincha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi tilga olinadi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida Belarusdan O‘zbekistonga go‘sht mahsuloti yetkazib berish hajmi 23,8 foiz, kolbasa va tayyor go‘sht mahsuloti eksporti qariyb 2,5 barobar oshdi. Shuningdek, sut mahsulotlari importi ham sezilarli o‘sishni namoyon qildi.
Minskda bo‘lib o‘tgan “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat” sessiyasida tomonlar mahsulot savdosini kengaytirish bilan cheklanib qolmasdan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, agrar ilm-fan sohasida hamkorlik qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni ustuvor vazifa sifatida belgiladi.
Prezidentlar uchrashuvida va sohaviy muzokarada 2030-yilgacha oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilangan. Tahlilchilarga ko‘ra, bu maqsadni faqat eksport yoki import hajmini ko‘paytirish orqali amalga oshirish qiyin. U barqaror ishlab chiqarish kooperatsiyasi, yangi qayta ishlash quvvatlari va samarali logistika tizimiga tayanishi lozim.
Dilshod Hakimov, O‘zA