O‘zbekiston arxeologiyasi: muammo va yechimlar
Milliy arxeologiya markazida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 80 yillik yubileyiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston arxeologiyasi: muammo va yechimlar” mavzusida respublika ilmiy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tgan ushbu ilmiy konferensiyada arxeologiya va tarix sohasining yetuk mutaxassislari, Milliy arxeologiya markazi ilmiy xodimlari bilan birga, respublikaning qator ilmiy tekshirish va oliy ta’lim muassasalaridan tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Konferensiyada ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan ma’ruzalar tarixning turli davrlarini o‘rganishdagi muammolarni yoritishga qaratildi. Ma’ruzalarning bir qismi tosh davri arxeologiyasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ilk paleolit davridan to tosh davrining so‘nggi bosqichlarigacha bo‘lgan masalalar o‘z aksini topgan.
Tarixning keyingi davrlari muammolarini qamrab olgan ma’ruzalar ham mavzu va yondashuv jihatdan bir-biridan keskin farq qiladi. Ular arxeologiya sohasida tadqiqot usullarini takomillashtirish muammolaridan tortib, shahar va ularning joylashuvini aniqlash, toponimlar etimologiyasi, sopol hunarmandchiligi, etnik mansublik masalalari, tasviriy san’atda ayol timsolining san’atshunoslik talqini va boshqa ko‘plab shu kabi dolzarb mavzularni qamrab oldi.
Shuningdek, konferensiya yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar asosida tegishli qarorlar qabul qilindi.
N.Rahmonova, O‘zA