O‘zbekiston adliya vaziri BAA Vazirlar Mahkamasi ijrochi direktori bilan uchrashdi
O‘zbekiston Adliya vaziri Akbar Toshqulov Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)ga xizmat safari davomida BAA Vazirlar Mahkamasi ijrochi direktori Salim Al Shoami bilan uchrashdi.
Tomonlar har ikki davlatdagi davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida erishilgan yutuqlarni muhokama qildi.
Amirliklarda 2017 yilda sun’iy intellekt strategiyasi qabul qilingan. Dunyoda birinchilardan bo‘lib davlat xizmatlari va ma’lumotlarni tahlil qilishda to‘liq sun’iy intellektni joriy qilish maqsad qilingan.
Har bir davlat xizmatida “sirli mizoj” tadbiri yo‘lga qo‘yilgan. Bunda, maxsus ilova asosida xizmat ko‘rsatilgandan keyin mijozlarga eslatma yuborilib, berilgan xizmatlarga baho berishi so‘raladi va olingan ma’lumot tahlil qilinadi.
Bundan tashqari, davlat xizmatlari markazlarida mijozlaring kayfiyati, qancha vaqt sarflangani, qaysi xizmatlardan ko‘proq va qayerda foydalanayotganiga oid ma’lumotlar sun’iy intellekt tomonidan tahlil qilinadi va statistik ma’lumot tayyorlanadi.

O‘z navbatida, A.Toshqulov O‘zbekistonda ushbu sohada olib borilayotgan islohotlar, jumladan, davlat xizmatlarini ko‘rsatishni soddalashtirish va ixchamlashtirish, Ye-Imzo va Face-ID tizimlarini joriy qilish, onlayn notarial harakatlar sonini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Salim Al Shoami O‘zbekiston Adliya vazirligi bilan, jumladan, onlayn xizmatlar sifatini oshirishda qo‘llaniladigan uslublar yuzasidan tajriba almashish, yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
A.Toshqulov yuqorida qayd etilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ushbu yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar davlat xizmatlari sohasida o‘zaro tajriba almashish hamda malaka oshirish tadbirlarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
N.Abduraimova,
O‘zA