O‘zbek va tojik san’atkorlarining do‘stlik kechasi
Samarqand viloyati musiqali drama teatrida yurtimizda o‘tkazilgan “Tojikiston madaniyati kunlari” tadbirlarining yakuni sifatida ikki mamlakat san’at ustalari ishtirokida “Do‘stlik kechasi” nomli konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda Samarqand viloyati hokimligi va Tojikiston madaniyat vazirligi mas’ullari so‘zga chiqib, azaldan do‘stu qardosh bo‘lgan o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi aloqalar keyingi yillarda yanada mustahkamlanib borayotgani, xususan, madaniy hamkorlik ham izchil rivojlanayotganini qayd etdi. O‘zbekiston va Tojikistonda muntazam o‘tkazilayotgan madaniyat kunlari bunda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi. Bu gal yurtimizda tojikistonlik madaniyat va san’at, kino namoyandalari ishtirokida ko‘plab madaniy tadbirlar, konsert dasturlari, teatr va kino san’ati asarlari namoyish qilindi.
– Ikki mamlakat san’at ustalarining bunday konsertlari xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni namoyon etuvchi yaxshi an’anaga aylandi – deydi Samarqand viloyati “Ovozi Samarqand” gazetasi bosh muharriri Bahodir Rahmonov. – Zero, mehr-oqibatli bo‘lish, tinch-totuv yashash – xalqlarimizning azaliy orzusi va mushtarak intilishidir. Bugun ana shu orzu-intilishlar hayotga ko‘chmoqda, mamlakatlarimiz yetakchilarining irodasi va sa’y-harakatlari tufayli xalqlarimiz yanada yaqinlashdi, davlatlararo munosabatlar ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi. Bu jihatlar bugungi konsert dasturida ham o‘z ifodasini topdi.
[gallery-28438]
Tojikiston madaniyati kunlari ikki xalq uchun ham qadrli bo‘lgan Navro‘z bayrami tantanalari davom etayotgan kunlarda o‘tkazilgani, uning shukuhini yanada oshirdi.
Konsert dasturida o‘zbek va tojik xalqlarining Navro‘z bilan bog‘liq kuy-qo‘shiqlari, xalq og‘zaki ijodi namunalari, bahor va do‘stlik madh etilgan ashulalar ijro etildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari