«O‘zbek nutq sintezatori» yaratildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida filologiya fanlari doktori Munavvara Qurbonova rahbarligida davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida bajarilgan «Ko‘zi ojiz shaxslar uchun kompyuter texnikasidan foydalanish, matnlarni o‘qish va yozish imkonini beruvchi o‘zbek tiliga asoslangan gapiruvchi dasturiy ta’minot va ovoz sintezatorini ishlab chiqish» mavzusidagi amaliy grant loyihasi asosida tayyorlangan «O‘zbek nutq sintezatori» kompyuter dasturi hamda «O‘zbek tili o‘zlashma so‘zlarining urg‘uli lug‘ati» taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir oflayn va Zoom platformasi orqali onlayn shaklda olib borildi.

ToshDO‘TAU rektori, filologiya fanlari doktori, professor Shuhrat Sirojiddinov va boshqalar bugungi kunda imkoniyati cheklangan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani, bu borada belgilangan chora-tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad nogironligi bo‘lgan shaxslarning sog‘lom kishilar bilan ijtimoiy integratsiyalashuv jarayonini yanada rivojlantirishdan iborat ekanligini ta’kidlab, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
«O‘zbek nutq sintezatori» kompyuter dasturi va «O‘zbek tili o‘zlashma so‘zlarning urg‘uli lug‘ati»ning ta’lim jarayonidagi ahamiyati, o‘zbek tili funksional darajasini kengaytirishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.

Shundan so‘ng, o‘zbek tilidagi elektron hujjatlar bilan ishlashda nutq sintezatorining zarurati, o‘zbek nutq sintezatori dasturiy ta’minotining yaratilish mexanizmlari, nutq sintezatori audioma’lumotlar bazasini shakllantirishga qo‘yiladigan talablar, fan va ta’lim integratsiyasini rivojlantirishda nutq bilan bog‘liq kompyuter dasturlarining o‘rni, ko‘zi ojiz shaxslarning ijtimoiylashuv jarayonida o‘zbek nutq sintezatorining ahamiyati, o‘zbek nutq sintezatorining funksional imkoniyatlari, yangi avlod o‘quv lug‘atlari – davr talabi, o‘zbek tili o‘zlashma so‘zlarining urg‘uli lug‘ati xususida, milliy lug‘atshunoslikda jonli til masalasi kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

D.Mamatova, O‘zA